Rossiyaning Il-76 samolyoti Belgorodda halokatga uchradi
AQSH maʼmuriyati halokat haqidagi xabarlarni o‘rganmoqda

Il-76 harbiy-transport samolyoti 24 yanvar kuni Belgorod viloyatining Korochansk tumanida Yablonovo qishlog‘i yaqinidagi dalaga qulab tushdi. Viloyat gubernatori Vyacheslav Gladkovning so‘zlariga ko‘ra, bortdagi barcha odamlar halok bo‘lgan.
Telegram‘dagi «Vajniye istorii» va “CHTD” kanallari Rossiya mudofaa vazirligiga tayanib, Il-76 bortida almashish uchun olib ketilayotgan 65 nafar ukrainalik asir, shuningdek, 6 nafar ekipaj aʼzosi va 3 nafar hamrohlik qiluvchi shaxs bo‘lganini maʼlum qildi. Rossiya mudofaa vazirligi halokatni «terror hujumi» deb atadi va buning uchun Kiyevni aybladi.
Keyinroq favqulodda bayonotda Ukraina bosh razvedka boshqarmasi harbiy asirlarni almashish 24 yanvarga rejalashtirilganini tasdiqladi, biroq ukrainalik asirlarning xavfsizligini Rossiya tomoni taʼminlashi kerakligini taʼkidladi.
«Transport samolyotining 30 kilometrlik jangovar zonaga qo‘nishi xavfsiz bo‘lishi mumkin emas va har qanday holatda ham har ikki tomon muhokama qilishi kerak. Biz Rossiya Federatsiyasida vaziyatni beqarorlashtirish maqsadida rejalashtirilgan hamda Ukraina va davlatimizga xalqaro yordamni zaiflashtirish uchun qasddan qilingan harakatlar haqida gapirishimiz mumkin», - deyiladi bayonotda.
AQSH maʼmuriyati Rossiya samolyoti halokati haqidagi xabarlarni hisobga olyapti, ammo bu borada qo‘shimcha maʼlumotga ega emas, dedi Jon Kirbi.
AQSH maʼmuriyati Ukraina tomoni bilan harbiy asirlarni almashish arafasida Rossiyaning Il-76 transport samolyoti halokatga uchragani haqidagi xabarlarni hisobga olyapti, ammo bu borada qo‘shimcha maʼlumotga ega emas, dedi 24 yanvar, chorshanba kuni Oq uy huzuridagi milliy xavfsizlik kengashi strategik aloqalar koordinatori Jon Kirbi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Vashington «bu xabarlarni (Il-76 halokati haqida) ko‘rgan, ammo bizda ularni tasdiqlashning iloji yo‘q». Kirbi Oq uydagi brifingda AQSH maʼmuriyati «bu masala bo‘yicha ko‘proq aniqlik va qo‘shimcha maʼlumot olish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solmoqda», dedi.
Ukraina xalqaro tergovni talab qiladi.
Avvalroq Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Ukraina Rossiyaning Il-76 harbiy-transport samolyotining Belgorod viloyatida qulashi holati yuzasidan xalqaro tergov o‘tkazilishini talab qilishini aytgandi. Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, «barcha faktlar aniqlanishi kerak». Ukraina prezidenti Rossiya samolyoti nima uchun qulagan bo‘lishi mumkinligi haqida birorta versiyani ham keltirmadi.







