Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrida Islom Karimov haykali poyiga gulchambar qo‘ydi
Xotira tadbirida Birinchi Prezidentimizning O‘zbekiston manfaati yo‘lida qilgan ishlari, insoniy fazilatlari yodga olindi.


Tarixiy xotirasiz kelajak yo‘q. O‘zbekistonning mustaqillikka erishishi va davlat qurilishida Birinchi Prezidentimizning ulkan xizmatlari borligini hurmat bilan yodga olamiz.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning eʼtibori bilan uning xotirasi abadiylashtirildi, maqbarasi barpo etildi. Islom Karimov tavallud topgan 30 yanvar kunini nishonlash anʼanaga aylandi.

Fidoyilarini eʼzozlagan xalq hamisha hurmatga sazovor. Xotira tadbiri buning yana bir ifodasi bo‘ldi. Qurʼon oyatlari o‘qilib, duo qilindi. Birinchi Prezidentimizning O‘zbekiston manfaati yo‘lida qilgan ishlari, insoniy fazilatlari yodga olindi.

Islom Karimov nomidagi ilmiy-maʼrifiy yodgorlik majmuasida o‘tgan marosimda Oliy Majlis palatalari, Prezident Administratsiyasi va hukumat vakillari, ilm-fan va madaniyat namoyandalari, shahar jamoatchiligi ishtirok etdi.
Birinchi Prezidentimizning Samarqand va Qarshi shaharlaridagi haykallari poyiga ham gullar qo‘yildi.














