Qurʼonni yoqib yuborgan shaxs Norvegiyada qo‘lga olindi
U o‘tgan yil iyunda muqaddas kitobni omma oldida yoqib yuborgandi.

Shvetsiyada Qurʼonni yoqib yuborgan Salvan Momika Norvegiyada qo‘lga olindi va Shvetsiyaga deportatsiya qilinadi.
Oslo sudi maʼlum qilishicha, «barcha rasmiy va amaliy choralar ko‘rilgach, deportatsiya amalga oshadi».
Momika 28 mart kuni Norvegiya politsiyasi tomonidan hibsga olingandi. Shvetsiyada yashash huquqiga ega aslida iroqlik muhojir Salvan Momika o‘tgan yil 27 iyun, Qurbon hayitining birinchi kunida Stokgolm shahridagi bosh masjid oldida muqaddas Qurʼon kitobini omma oldida yoqib yuborgan edi. Avgust oyida bu ishini iroqlik boshqa bir muhojir Salvan Najem bilan birgalikda yana takrorlagandi.
Ushbu qilmishlar musulmon mamlakatlarining keskin noroziligiga sabab bo‘lib, Shvetsiyaning o‘zida minglab odamlar norozilik namoyishlariga chiqdi. Turkiya Shvetsiyaning NATOga aʼzolik uchun arizasini rad etish bilan taxdid qildi. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham Qurʼoni karim yoqib yuborilganini keskin qoraladi.
2023 yilning oktyabrida Shvetsiya muhojirlik masalalari organi Momikaga berilgan yashash huquqi muddatini uzaytirmaslikka qaror qildi, chunki u boshpana berishni so‘rab yozgan arizasida yolg‘on maʼlumotlarni kiritgan. Avvalroq, unga Qiynoqlarga qarshi konvensiya asosida mamlakatda qolishiga ruxsat etilgan edi.
2024 yil fevralida Momika Shvetsiya muhojirlik boshqarmasi uni mamlakatdan chiqarib yuborish haqida chiqargan qaror ustidan Shvetsiya muhojirlik masalalari sudiga apellyatsiya bergan, ammo rad javobini olgandi. Sud qarori uni Shvetsiyada yashash huquqidan mosuvo qiladi. Bundan tashqari, uning mamlakatga besh yilgacha kirishi taqiqlangan.







