Orskda toshqindan jabr ko‘rgan aholi mitingga chiqdi
Namoyishchilar to‘lovlar hajmidan noroziligini bildirmoqda.

Orenburg viloyati Orsk shahrining yuzlab aholisi mahalliy to‘g‘on yorilishi oqibatida bir qancha hududlar suv ostida qolganidan keyin shahar markazida norozilik namoyishi o‘tkazdi. 8 aprel, dushanba kuni ular suv toshqinidan jabrlanganlarga to‘lovlarni oshirishni talab etdi va mahalliy hokimiyatni tanqid qildi.
Namoyishchilar to‘lovlar hajmidan noroziligini bildirdi, shuningdek, to‘g‘on falokatga sabab bo‘lgan qoidabuzarliklar bilan qurilganini aytishdi. «Ostorojno, novosti» Telegram-kanaliga ko‘ra, yig‘ilganlar Rossiya prezidenti Vladimir Putinga yordam so‘rab murojaatnoma yozgan.
Politsiya miting o‘tkazilishiga xalaqit bergan, xavfsizlik kuchlari esa yig‘ilganlarni uning noqonuniyligi haqida ogohlantirgan. Keyinchalik namoyishchilar soni ortib, shahar rahbari Vasiliy Kozupitsa ularning oldiga kelib, shahar maʼmuriyatida muzokaralar o‘tkazish uchun tashabbus guruhi tuzishni taklif qildi. Namoyishchilarning bir necha vakillari bilan uchrashuvda shahar hokimi yetkazilgan zararni baholash va tovon miqdorini aniqlash bo‘yicha komissiya tashkil etilishini, shuningdek, uy-joy qurilishi uchun to‘lovlarni vaʼda qildi.
Bundan tashqari, viloyat gubernatori Denis Pasler jabrlangan aholi bilan uchrashdi. U telefonlarni o‘chirib, shikoyat qilmaslikni, aksincha, suv toshqini oqibatlarini bartaraf etishda birdamlik va vatanparvarlik ko‘rsatishni talab qildi, deb yozadi «7x7 – Gorizontalnaya Rossiya» nashri. Pasler jabrlanganlarni o‘z hisobidan qutqarayotgan odamlarga ishora qilib, ularni «haqiqiy vatanparvarlar» deb atadi. Yigirmaga yaqin mahalliy aholi ishtirok etgan yig‘ilishdan so‘ng hokimiyat 2025 yilda yangi to‘g‘on qurilishi uchun mablag‘ ajratishga vaʼda berdi. Bundan tashqari, yangi yig‘ilish o‘tkazilishi rejalashtirilgan, unda ish natijalari eʼlon qilinadi, deb yozadi «Ostorojno, novosti».
Ushbu nashrga ko‘ra, miting natijasida qo‘lga olinganlar bo‘lmagan. Avvalroq Orenburg viloyati prokuraturasi ushbu voqea rasmiylar bilan kelishilmagani haqida xabar eʼlon qilgan edi. Shuningdek, u unda ishtirok etish uchun javobgarlik haqida ogohlantirdi.
Ayni paytda, Ilek qishlog‘ida joylashgan Ural daryosidagi suv sathi prognozdan ertaroq xavfli darajadan oshib ketdi. «Ilek tumanida 8 aprel 16:00 holatiga ko‘ra, Ilek qishlog‘ida Ural daryosi sathi 892 smga yetdi», — deyiladi tuman hokimligining Telegram‘dagi xabarida. Ushbu maʼlumotlarga ko‘ra, ayni paytda Ilek qishlog‘ida Ural daryosidan to‘g‘onni mustahkamlash va kengaytirish ishlari olib borilmoqda.
Viloyat markazi hududida ham suv sathi faol ravishda ko‘tarilib, xavfli darajaga yaqinlashdi. «Orenburg Gidrometeorologiya markazi maʼlumotlariga ko‘ra, 8 aprel kuni soat 14:00 da suv sathi ko‘tarilgan. Ertalabki soat 8 dan boshlab Ural daryosi 21 santimetrga ko‘tarildi va 893 santimetrni tashkil etdi», - deya maʼlum qildi Orenburg meriyasi. Rasmiylarga ko‘ra, vaziyat keyingi ikki kun ichida faqat yomonlashadi. «Toshqin zonasida joylashgan orenburgliklar uyini tark etishi kerak», - deydi viloyat hokimiyati.
Orenburg viloyatida 10 aprelda kutilayotgan suv toshqinining eng yuqori cho‘qqisida bir qator aholi punktlari suv toshqini zonasida bo‘ladi, deb yozadi “Interfaks” gubernator matbuot xizmati va Rogidrometsentrga tayanib. Shuningdek, hozirda Orenburgda ikki mingga yaqin uy suv ostida qolgani, so‘nggi bir kunda ularning soni qariyb ikki yuztaga ko‘paygani, ular orasida 8500 dan ortiq tomorqa yerlari borligi qayd etilgan. 8 aprel kuni ertalab viloyatda 10 mingdan ortiq uy va 20 mingga yaqin tomorqa yerlari suv ostida qolgan.
6000 dan ortiq odam evakuatsiya qilindi, ulardan 1500 ga yaqini bolalar, 1200 dan ortiq evakuatsiya qilinganlar vaqtinchalik joylashtirish markazlarida bo‘lib turibdi. «Iriklin suv omboridan Ilek qishlog‘igacha bo‘lgan Ural daryosi bo‘yida vaziyat 25 apreldan oldin normallashishi kutilmayapti», — deya qo‘shimcha qildi gubernator.
“Roskosmos” Orenburg viloyatidagi suv toshqinining koinotdan olingan suratlarini ko‘rsatdi.








