AQSH Eronni nishonga oladimi?
Tramp Eron bo‘yicha qarorini ikki hafta ichida qabul qiladi.

AQSh prezidenti Donald Tramp Tehron bilan yadroviy dastur bo‘yicha diplomatik muzokaralar olib borilishi ehtimolini istisno etmadi. Shuningdek, u ikki hafta ichida AQSh tomonidan Eronga zarba berilishi yoki berilmasligi yuzasidan qaror qabul qilishini bildirdi.
"Yaqin kelajakda Eron bilan muzokaralar olib borilishi yoki bo‘lmasligi ehtimoli mavjud. Shuning uchun men ikki hafta ichida harakat qilish yoki qilmaslik to‘g‘risida qaror qabul qilaman", — deya Trampning so‘zlarini Oq uy matbuot kotibi Kerolin Leavitt keltirgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Eron yadro qurolini yaratish uchun barcha zarur resurslarga ega va bu nafaqat AQSh, balki butun dunyo uchun tahdid soladi.
Avvalroq, Axios portali Tramp ma’muriyati AQShning Isroil tomonidan Eronga qarshi boshlangan harbiy operatsiyaga qo‘shilishi mumkinligini xabar qilgan edi. Ushbu ssenariyda Eronning yadroviy inshootlariga AQSh tomonidan aviazarbalar berilishi ko‘rib chiqilmoqda.
Isroil 13-iyun kuni Eronga qarshi keng ko‘lamli hujum boshlagan, oradan bir kundan kam vaqt o‘tib, Eron javob hujumi uyushtirgan. O’sha kundan beri ikki tomon o‘rtasida o‘zaro zarbalar davom etmoqda. Rasmiylar hujumlar natijasida halok bo‘lganlar va jarohatlanganlar borligini tasdiqlagan.
Shunga qaramay, Vashington diplomatik yechimga umid bildirayotgani, lekin har qanday variantga tayyor ekani ta’kidlandi.







