Eron Isroilga yana hujum uyushtirdi
Bu holat Tramp Isroil va Eron o‘rtasida kelishuv tuzilganini e'lon qilgandan so'ng sodir bo'ldi.

Isroilning janubidagi Beersheba shahrida Eron tomonidan uyushtirilgan raketa hujumlari oqibatida kamida 3 kishi halok bo‘ldi, deya xabar bermoqda Isroil OAV. Harbiylar Eronning hujumlari davom etayotganini tasdiqladi.
Bu holat AQSh prezidenti Donald Tramp Isroil va Eron o‘rtasida "12 kunlik urush"ga nuqta qo‘yuvchi o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuv tuzilganini e’lon qilganidan keyin sodir bo‘ldi. Biroq Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchiy bunday kelishuv yo‘qligini bildirar ekan, Isroil mahalliy vaqt bilan soat 4:00 gacha hujumlarni to‘xtatsa, Tehron ham hujumlarni to‘xtatishini aytdi.
So‘nggi soatlarda Eron AQShning yakshanba kungi yadroviy obyektlarga bergan zarbasiga javoban Qatardagi AQSh harbiy bazasiga ham raketalar yo‘llagan.
Eron rasmiylariga ko‘ra, 13 iyundan beri Isroil tomonidan boshlangan hujumlar natijasida 400 dan ortiq odam, jumladan 13 bola halok bo‘lgan, 3 mingdan ortiq kishi jarohat olgan. Isroil hududida Eron hujumlaridan hozirgacha kamida 24 kishi halok bo‘lgani xabar qilinmoqda.







