Mo‘g‘ulistonda ilk bor “O‘zbekiston madaniyati kunlari” bo‘lib o‘tmoqda
Tadbir doirasida O‘zbekiston tarixiy-madaniy merosini aks ettiruvchi ko‘rgazma tashkil etildi.

23-iyun kuni Mo‘g‘uliston poytaxtida ilk marotaba “O‘zbekiston madaniyati kunlari” tantanali tarzda boshlandi. Tadbir doirasida O‘zbekiston tarixiy-madaniy merosini aks ettiruvchi ko‘rgazma tashkil etildi hamda Mo‘g‘uliston Milliy opera va balet teatrida gala-konsert dasturi namoyish etildi.


Ko‘rgazmada ishtirok etgan mehmonlar O‘zbekiston va Mo‘g‘ulistonni boy tarix, umumiy qadriyatlar va “Buyuk Ipak yo‘li” merosi birlashtirayotganini ta’kidladilar. O‘zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov o‘z nutqida: “Madaniyat kunlari xalqlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro tushunishni chuqurlashtirish va tarixiy do‘stlikni mustahkamlash yo‘lida muhim qadamdir”, — dedi.
_2.webp)

Shuningdek, Ozodbek Nazarbekov va Mo‘g‘ulistonning madaniyat, sport, turizm va yoshlar vaziri Undram Chinbat o‘rtasida hamkorlik uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda san’at va ta’lim sohalaridagi aloqalarni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Vazir Nazarbekov mo‘g‘ulistonlik san’atkorlarning O‘zbekistonda tahsil olganini eslab, Alisher Navoiy nomidagi teatrning bu boradagi rolini alohida e’tirof etdi.
Tadbir 25-iyungacha davom etadi. Eslatib o‘tamiz, 2024-yil iyun oyida Toshkentda ham O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston san’atkorlarining qo‘shma konserti bo‘lib o‘tgan edi.







