AQSH-Eron o'rtasidagi yashirin muzokaralar
Tramp 30 milliard dollarlik yangi yadro dasturini taklif qilmoqda.

Vashingtonda Eron bilan yadro muzokaralarini qayta tiklash bo‘yicha yashirin diplomatik harakatlar davom etmoqda. CNN manbalariga ko‘ra, AQSH Eronning uranni boyitishdan voz kechishi evaziga, unga 20–30 milliard dollarlik fuqarolik yadro energiyasi dasturini taklif qilmoqda. Bu mablag‘lar to‘g‘ridan-to‘g‘ri AQSHdan emas, balki arab ittifoqchilari tomonidan berilishi kutilmoqda.
Muzokaralar davomida, AQSH Eronning xorijiy banklardagi 6 milliard dollarlik muzlatilgan aktivlarini ochib berish, ayrim sanksiyalarni bekor qilish va yangi yadro inshootlari qurilishini moliyalashtirishni ham ko‘rib chiqmoqda. AQSH maxsus elchisi Stiv Vitkof boshchiligida Oq uyda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ushbu takliflar muhokama qilingan.
Tramp ma’muriyati Eronga faqat tinchlik maqsadidagi yadro dasturiga ruxsat berishni xohlayapti, ammo bu dasturda uran boyitish qat’iyan taqiqlangan bo‘ladi. Prezident Tramp bu borada aniq kelishuvga erishish kerakligini ochiq aytmagan bo‘lsa-da, masalaga jiddiy e’tibor qaratilmoqda.
Qatarning vositachiligida olib borilayotgan suhbatlar fonida, AQSH yaqin kunlarda Eronga muzokaralar bo‘yicha takliflar hujjatini taqdim etishi mumkin. Ammo Eron hukumati rasmiy tarzda kelgusi uchrashuv haqida ma’lumotga ega emasligini bildirdi. Shunga qaramay, AQSH tomonidan "to‘liq yadro qurolsizlanish" sharti asosiy tamoyil bo‘lib qolmoqda.







