Britaniyalik qiz Atlantikani yolg'iz kesib o‘tib, uchta jahon rekordini o‘rnatdi
Zara Laklan Atlantika bo‘ylab 97 kun suzgan.

21 yoshli britaniyalik Zara Laklan eshkak eshish qayig‘ida Atlantika okeanini yolg'iz bosib o‘tgan eng yosh inson sifatida tarixga kirdi. U bir vaqtning o‘zida Ginnesning rekordlar kitobiga uchta nominatsiyada kiritildi.
Zara o‘z sayohatini Portugaliyaning Lagos shahridan boshlagan bo‘lib, 97 kun, 10 soat va 20 daqiqa davomida eshkak eshib, Janubiy Amerikadagi Fransiya Gvianasining poytaxti Kayennaga yetib bordi. U 7000 kilometrdan ortiq masofani o‘z kuchi bilan bosib o‘tdi.
Shu tariqa, Zara Atlantika okeanini yakkaxon va eshkak eshib materikdan materikka kesib o‘tgan birinchi ayol, shuningdek, bunday safarni amalga oshirgan eng yosh sportchi va eng yosh ayol sifatida uchta jahon rekordiga erishdi.
Sayohat mobaynida u kuniga kamida 17 soat eshkak eshdi va atigi 90 daqiqalik qisqa uyqular bilan cheklanishga majbur bo‘ldi. Og‘ir sharoitlar, yolg‘izlik va charchovga qaramay, Zara bu sinovga qat’iy tayyor bo‘lganini aytdi.
“Bu hamma uchun emas. Lekin men yoshman va oz uxlashga ko‘nikkanman”, — deya o‘z taassurotlarini bo‘lishdi jasoratli sportchi.







