Yaponiyada keksa ayollarni yollash xizmati ommalashmoqda
“Client Partners” kompaniyasi keksa ayollarni oilaviy yordamchi sifatida yollash xizmatini taklif qilmoqda.

Yaponiyaning “Client Partners” kompaniyasi tomonidan 2011-yilda yo‘lga qo‘yilgan “OK Obaachan” (“Mayli, buvi”) nomli xizmat orqali 60-94 yoshli ayollarni soatiga 3 300 iyen (taxminan 20 dollar) evaziga yollash mumkin.
Ushbu xizmatda ishtirok etayotgan keksa ayollar quyidagi yo‘nalishlarda yordam ko‘rsatmoqda:
Pazandalik va chaqaloqqa qarash
Uy yumushlari va xattotlik
Ruhiy ko‘mak, shu jumladan oilaviy kelishmovchilikni hal qilishda vositachilik
Ajrashgan mijozlarga hamrohlik qilish
Yolg‘iz qolganlarga suhbatdosh bo‘lish
Hozirga qadar dasturda 100 ga yaqin ayol ishtirok etgan.
Bu tashabbus Yaponiyadagi demografik va ijtimoiy o‘zgarishlarga javoban paydo bo‘lgan: mamlakatda 65 yoshdan oshgan har to‘rt kishidan biri moliyaviy ehtiyoj sezmoqda. Shu bilan birga, “ikigai” — ya’ni ma’naviy mazmunga ega faol hayot tarziga intilish tamoyili tufayli, ko‘plab keksalar ishlashda davom etmoqda.
“OK Obaachan” xizmati — so‘nggi yillarda ommalashayotgan “oilaviy ijara” tendensiyasining bir ko‘rinishi bo‘lib, bunda ijtimoiy yakkalanish sharoitida surrogat qarindosh yoki do‘st vazifasini bajarayotganlar yollanmoqda.







