Tokara orollarida uch haftada 2000 dan ortiq zilzila yuz berdi
Qutqaruvchilar va olimlar hududdagi vaziyatni diqqat bilan kuzatmoqda.

Yaponiyaning janubida joylashgan Tokara orollarida so‘nggi uch hafta ichida 2000 dan ortiq yer silkinishi qayd etildi. Bu haqda Yaponiya Milliy meteorologiya boshqarmasi xabar bergan.
21-iyundan beri Akusekijima va Kodakarajima atrofida seysmik faollik keskin oshgan. Ayrim zilzilalarning magnitudasi 5,0 dan yuqori bo‘lgan. 2021 va 2023-yillarda ham shunga o‘xshash holatlar kuzatilgan, ammo bu safar silkinishlar soni va kuchi sezilarli darajada ko‘proq.
Ayni paytda zilzilalar natijasida qurbonlar yoki vayronagarchiliklar haqida ma’lumot yo‘q. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bu hudud yer po‘stining harakatdagi litosfera plitalari tutashgan nuqtasida joylashgani uchun bunday kuchli seysmik faollik kuzatilmoqda.
Tokara orollarida hozirda 650 ga yaqin odam yashaydi. Ularning bir qismi ixtiyoriy ravishda boshqa shaharga evakuatsiya qilingan.







