Braziliyada sobiq prezidentga nisbatan sud cheklovlari joriy qilindi
Jair Bolsonaroga nisbatan uy qamog‘i, elektron kuzatuv qurilmasi va ijtimoiy tarmoqdan foydalanmaslik kabi cheklovlar belgilandi.

Braziliya Oliy sudi mamlakat sobiq prezidenti Jair Bolsonaro ustidan olib borilayotgan tergov doirasida bir qator qat’iy cheklov choralarini belgiladi. Endilikda u tungi vaqtlar uy qamog‘ida bo‘lishi va oyoqqa elektron kuzatuv qurilmasini taqib yurishi shart.
Sud qaroriga ko‘ra, Bolsonaro ijtimoiy tarmoqlardan foydalanmasligi va tergovga jalb etilgan shaxslar, jumladan, hozirda AQShda yashayotgan va AQSh prezidenti Donald Tramp bilan yaqin aloqalarga ega bo‘lgan o‘g‘li — Braziliya quyi palatasi deputati Eduardo Bolsonaro bilan aloqa qilmasligi lozim.
Jair Bolsonaro 2022-yilgi prezidentlik saylovlaridagi mag‘lubiyatdan so‘ng, davlat to‘ntarishiga tayyorgarlik ko‘rishda ayblanmoqda. Sud jarayoni yakuniy bosqichga yetgan va agar u aybdor deb topilsa, ko‘p yillik ozodlikdan mahrum etilishi mumkin. Bolsonaro barcha ayblovlarni rad etmoqda.
Mazkur ish fonida 17-iyul kuni Donald Tramp Braziliyadan import qilinadigan mahsulotlarga 1-avgustdan 50 foizlik boj joriy etilishini e’lon qildi. U bu qarorini Bolsonaro ustidan olib borilayotgan tergov bilan bog‘lab, jarayonni to‘xtatishga chaqirdi.







