Mashhur san’atkor O‘zcan Deniz moliyaviy inqirozga duch keldi
22 yillik hamkorlik barbod bo‘ldi: O‘zcan Deniz va akasi o‘rtasidagi mojarolar endi sudda ko‘rilmoqda.

Turkiyalik mashhur qo‘shiqchi, aktyor va rejissyor O‘zcan Deniz moliyaviy va huquqiy inqirozga duch kelmoqda. Uning barcha mulklari sud qarori bilan vaqtincha muzlatib qo‘yildi.
Bu holat, “Haberler.com” nashrining yozishicha, san’atkorning 22 yillik menejeri va katta akasi Ercan Deniz bilan yuzaga kelgan ziddiyatlar fonida yuz berdi. Uzoq yillar davomida birga ishlagan aka-uka o‘rtasida so‘nggi yillarda jiddiy kelishmovchiliklar boshlangani, hatto bu aloqalar sud jarayonigacha borib yetgani aytilmoqda.
Avvallari sahna ortida yelkama-yelka turib faoliyat yuritgan ikki aka-uka o‘rtasidagi ishbilarmonlik aloqalari tugagach, mulkiy nizolar, hujjatlar bilan bog‘liq tortishuvlar va o‘zaro tahdidlar yuzaga kelgan. Natijada, sud O‘zcan Denizning barcha aktivlarini vaqtincha muzlatib qo‘yish haqida qaror chiqardi.
Taniqli san’atkorning oilaviy muammolari endi jamoatchilik e’tiborida bo‘lib, bu mojaro faqat shaxsiy doiradagi kelishmovchilik emas, balki yirik moliyaviy tortishuvga aylangani ta’kidlanmoqda.







