Toshkentda aholi uchun aqlli suv hisoblagichlari bepul o‘rnatiladi
Ular suv sarfi, isteʼmoli va bosimini aniqlik bilan o‘lchaydi.

Poytaxtda ichimlik suvini hisoblashda zamonaviy raqamli texnologiyalar joriy etilmoqda. Yangi smart-hisoblagichlar aholi xonadonlariga mutlaqo bepul o‘rnatiladi.
Eski turdagi hisoblagichlar ko‘rsatkichlarining maʼlumotlar bazasiga o‘z vaqtida kiritilmasligi to‘lovlarda tushunmovchilik va kechikishlarga sabab bo‘lgan.
Ushbu yangi hisoblagichlar esa suv sarfi, isteʼmoli va bosimini aniqlik bilan o‘lchaydi. Shu bilan birgalikda, nosozliklar va tashqi aralashuvlarni aniqlaydi va barcha maʼlumotlarni masofadan uzatadi.
Maʼlumotlarga ko‘ra, dastlabki sinovlar Shayxontohur tumanining ayrim hududlarida muvaffaqiyatli o‘tkazilgan. Belgilangan rejaga ko‘ra esa joriy yilning uchinchi choragidan boshlab eski hisoblagichlarni yangisiga almashtirish ishlari Yangihayot tumanida start oladi.







