Andijondagi yong‘inda yana bir inson og‘ir ahvolda shifoxonaga olib ketildi
Bosh prokuratura fojia bo‘yicha qo‘shimcha maʼlumot berdi.

Avval xabar berilganidek, Andijon viloyati, Asaka tumanida joylashgan avtomobillarga xizmat ko‘rsatish shahobchasida yong‘in sodir bo‘ldi. Hodisa oqibatida bir nafar ishchi halok bo‘ldi, yana bir fuqaro og‘ir tan jarohati olgan edi. Yong‘in vaqtida ustaxonada bo‘lgan “Labo” rusumli avtomobil to‘liq yonib ketgan.
Hodisa yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi qo'shimcha ma'lumot berdi. Unga ko'ra, voqea joyiga Andijon viloyati prokurori topshirig‘i bilan maxsus ishchi guruh yetib borib, dastlabki tergov-surishtiruv ishlari olib borildi. Dastlabki xulosalarga ko‘ra, yong‘in ustaxonada ishlovchi S. ismli fuqaroning ehtiyotsizligi tufayli yuzaga kelgan. Afsuski, u yong‘in joyida halok bo‘lgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 259-moddasi 2-qismi “a” bandi — yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish oqibatida odam o‘limiga sabab bo‘lish bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Tergov harakatlari Asaka tumani ichki ishlar bo‘limi tomonidan olib borilmoqda.
Viloyat prokuraturasi tergov jarayonlarini o‘z nazoratiga olgan. Shuningdek, hodisa bo‘yicha sud-tibbiy, yong‘in-texnik va boshqa zarur ekspertizalar tayinlangan. Tergov ishlari davom etmoqda.







