Farg‘ona bojxona posti rahbari 5 ming dollar pora bilan qo‘lga tushdi
U kontrabandachilarga 80 ta iPhone olib kirishga yordam berganlikda gumon qilinmoqda.

Farg‘ona viloyatida Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir natijasida chegara va bojxona posti boshlig‘i qo‘lga olindi. U mansab vakolatlarini suiiste’mol qilgan holda pora olishda gumon qilinmoqda. Bu haqda Zamon.uz'ga DXX xabar qildi.
Aniqlanishicha, bojxona organlari podpolkovnigi Qirg‘izistondan 80 dona iPhone 16 mobil telefonlarni belgilangan bojxona tartib-qoidalaridan chetlab o‘tgan holda mamlakatga olib kirishga rozilik bergan. Evaziga u 5 ming AQSh dollari hamda bitta iPhone talab qilgan.
Tezkor tadbir davomida mansabdor shaxs kelishilgan pul mablag‘i va telefonni olayotgan vaqtda jinoyat ustida qo‘lga olingan.
Mazkur holat yuzasidan unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 210-moddasi (pora olish) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Sud tomonidan gumonlanuvchiga qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanildi.








