Endi sifatsiz mahsulotlar haqida xabar berganlar rag‘batlantirilishi mumkin
Bozor nazorati to‘g‘risidagi yangi qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.

O‘zbekistonda 21-avgust kuni Bozor nazorati to‘g‘risidagi qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga taqdim etildi. Qonunning asosiy maqsadi oziq-ovqat va boshqa mahsulotlar xavfsizligini ta’minlash, shuningdek bozor nazorati sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Loyihaga ko‘ra, bozor nazorati organlari mahsulotlarning majburiy talablarga muvofiqligini tekshiradi, jiddiy xavf tug‘diruvchi yoki sifatsiz mahsulotlarni aniqlasa, ularni muomaladan chaqirib oladi va ishlab chiqaruvchi yoki sotuvchiga nisbatan moliyaviy sanksiyalarni qo‘llash huquqiga ega bo‘ladi. Nazorat xaridlari jismoniy va yuridik shaxslarning faoliyatiga aralashmagan holda, ikki nafar xolis ishtirokida va videotasvirga olingan tarzda amalga oshiriladi.
Qonun loyihasida shuningdek, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish maqsadida, nomuvofiq mahsulotlar haqida xabar bergan shaxslarni moddiy rag‘batlantirish mexanizmi ham ko‘zda tutilmoqda. Vazirlar Mahkamasi bu tartibni loyihada belgilangan 4 oy muddat ichida tasdiqlashi rejalashtirilgan.
Qonun loyihasi muhokamasi 5-sentyabrgacha davom etadi va u 2026-yil 1-iyuldan rasmiy ravishda kuchga kirishi kutilmoqda. Ushbu chora-tadbirlar bozor xavfsizligini oshirish va iste’molchilarni himoya qilishga qaratilgan.







