AQShda Kongress nomzodi Qur’onni yoqib yubordi
26 yoshli siyosatchi ijtimoiy tarmoqlarda e’tiqod erkinligiga zid chiqishi bilan tanqidga uchradi.

AQShda Respublikachilar partiyasidan Kongressga nomzod bo‘layotgan 26 yoshli Valentina Gomesning chiqishi katta e’tirozlarga sabab bo‘ldi. U ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videomurojaatida Qur’onni yoqib yuborgan hamda islom diniga qarshi keskin bayonotlar bildirgan.
Videoda Gomes “Islom yo‘q qilinishi kerak”, deya chaqiriqlar qilgan, musulmonlarni haqorat qiluvchi iboralarni ishlatgan. Shuningdek, u “Amerika — xristian davlati” ekanini ta’kidlab, musulmonlarni AQShni tark etib, “57 musulmon davlatidan biriga ko‘chib ketishga” undagan.
Mazkur voqea AQSh hamda xalqaro miqyosda keskin norozilik uyg‘otdi. Jamoatchilik va huquqshunoslar Gomesning harakatini diniy e’tiqod erkinligiga zid va nafrat qo‘zg‘atuvchi xatti-harakat sifatida baholamoqda.







