Farg‘onada bank xodimi tomonidan o‘ldirilgan fuqaroning jasadi topildi
Mazkur qotillik ishi bo‘yicha tafsilotlar ochiqlandi.

Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahrida 30-mart kuni bank xodimi mijozni o‘ldirib, Katta Farg‘ona kanaliga tashlab yuborgani haqida xabar berilgandi. “Zamon” informatsion dasturi va “Kun.uz” mazkur voqea tafsilotlari yuzasidan ma’lumot berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 30-mart kuni O‘zbekiston tumani “O‘qchi” mahallasida yashovchi 28 yoshli fuqaro Sanjar Esonaliyev muddatli to‘lov asosida avtomobil xarid qilish maqsadida “Infinbank”ning Qo‘qon filialiga murojaat qilgan. Hujjatlarni rasmiylashtirish jarayonida u turmush o‘rtog‘i va otasini ham bankka chaqirgan.
Qarindoshlari hujjatlar rasmiylashtirilgach ortga qaytgan, fuqaroning o‘zi esa avtomobilni olib borishini aytib bankda qolgan. Tashqarida esa jiyani Damas avtomashinasida uni kutib turgan. Ma’lum bo‘lishicha, tushlik vaqtida u bank xodimi bilan birga binodan chiqib, xodimning avtomashinasiga o‘tirib ketgan.
Taxminan soat 13:00 atrofida ular o‘rtasida janjal kelib chiqqan. Gumonlanuvchining ko‘rsatmalariga ko‘ra, u O‘zbekiston tumani “Taraqqiyot” mahallasi hududida jabrlanuvchining bo‘yin qismiga oshxona pichog‘i bilan jarohat yetkazgan.
Marhumning qarindoshlari uning uzoq vaqt qaytib kelmaganidan xavotirlanib, ichki ishlar organlariga murojaat qilgan. Kuzatuv kameralari orqali uning oxirgi harakatlari aniqlangan. Marhumning amakivachchasi soat 17:00 gacha bank yonida uni kutib turgan, biroq yigit qaytib kelmagan va telefoni o‘chirilgan bo‘lgan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, gumonlanuvchi jinoyatdan so‘ng ish joyiga qaytib, dalillarni berkitishga uringan. U pichoqni yashirib, kiyimlarini almashtirgan, avtomobilini avtoyuvish shoxobchasida tozalatgan va ishini davom ettirgan. Kechga yaqin esa marhumning jasadini “To‘lash” MFY hududidan o‘tuvchi Katta Farg‘ona kanaliga olib borib tashlagan.
Shuningdek, jabrlanuvchi yonida bo‘lgan 5 700 AQSh dollari miqdoridagi mablag‘ning yo‘qolgani ham qayd etilgan.
“Infinbank”ning xodim ishlagan filialidan holat bo‘yicha izoh so‘ralgan. Biroq hamkasblaridan hech biri sodir bo‘lgan voqea, gumonlanuvchining shaxsiyati va fe’l-atvori haqida gapirishni istamagan. O‘sha kuni navbatchilikda bo‘lgan qo‘riqlash bo‘limi xodimlari bank ichida kredit bo‘limi mutaxassisi va marhum o‘rtasida hech qanday tortishuv yoki janjal bo‘lmaganini bildirgan.
Mazkur holat yuzasidan gumonlanuvchi A.T. qo‘lga olinib, unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Qo‘qon shahar prokuraturasi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
Marhumning jasadi 4-aprel kuni qidiruv ishlari natijasida topilgan. Qidiruv jarayoniga Favqulodda vaziyatlar xizmati xodimlari va mahalliy aholi yordam bergan.








