Eron delegatsiyasi AQSh bilan muzokara o‘tkazish uchun Islomobodga yetib keldi
Shuningdek, AQSh vitse-prezidenti Jey Di Vens ham Pokistonga jo‘nab ketgan.

Eron rasmiylari AQSH bilan o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar uchun Pokiston poytaxtiga yetib keldi. Bu haqda Al Jazeera xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, Eron parlamenti spikeri Muhammad Bag‘ir G‘olibof va tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi boshchiligidagi delegatsiya Islomobodda muzokaralar o‘tkazadi.
AQSH tomonidan muzokaralarga vitse-prezident Jey Di Vens boshchilik qilmoqda. U Pokistonga jo‘nab ketishidan oldin bergan bayonotida, agar Eron tomoni muzokaralarga samimiy yondashsa, Vashington ham ochiq muloqotga tayyor ekanini ta’kidlagan.
Ayni paytda, Yaqin Sharqdagi vaziyat keskinligicha qolmoqda. Livan Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, Isroil hujumlari oqibatida mamlakat bo‘ylab halok bo‘lganlar soni 357 nafarga yetgan. Qayd etilishicha, bu raqam yakuniy emas va qidiruv ishlari davom etmoqda.
Shu bilan birga, Livan va Isroilning AQSHdagi elchilari o‘rtasida telefon orqali muloqot bo‘lib o‘tgan. Bu ikki davlat o‘rtasidagi ilk to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqa sifatida baholanmoqda. Manbalarga ko‘ra, kelasi hafta AQSHda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha navbatdagi muzokaralar o‘tkazilishi kutilmoqda.







