Hindistonda samolyot dvigateli uchish paytida yonib ketdi
Hodisa ortidan 232 yo‘lovchi favqulodda tarzda evakuatsiya qilinib, olti nafar yo‘lovchi turli tan jarohatlari olgan.

Hindiston poytaxti Nyu-Dehli shahridagi Indira Gandi xalqaro aeroportida Swiss International Air Lines aviakompaniyasiga tegishli samolyotning dvigateli uchish vaqtida yonib ketdi.
Times of Indianing ma’lum qilinishicha, LX147 reysi Nyu-Dehlidan Syurix shahriga parvoz qilishi kerak bo‘lgan. Uchish jarayonida Airbus A330 rusumli havo kemasining dvigatellaridan birida nosozlik yuzaga kelib, yong‘in sodir bo‘lgan.
Hodisa ortidan bortdagi 232 nafar yo‘lovchi, jumladan, to‘rt nafar chaqaloq favqulodda qutqaruv slaydlari orqali evakuatsiya qilingan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, olti nafar yo‘lovchi turli jarohatlar bilan shifoxonaga yotqizilgan. Ekipaj a’zolari orasida jabrlanganlar yo‘q.
Swiss International Air Lines hodisa yuzasidan maxsus tekshiruv guruhi tuzilganini ma’lum qilgan. Shuningdek, kompaniya texnik mutaxassislari samolyotni ko‘zdan kechirish va keyingi choralarni belgilash uchun Dehliga yuborilishi bildirilgan.








