Ko‘ksaroy qarorgohida Germaniya Prezidenti tantanali kutib olindi
Marosimdan so‘ng ikki davlat rahbarlarining oliy darajadagi muzokaralari boshlandi.

Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan kelgan Germaniya Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayerni tantanali kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Qarorgoh oldidagi maydonda faxriy qorovul saf tortdi. O‘zbekiston Prezidenti oliy martabali mehmonni samimiy qarshi olib, uni shohsupaga taklif etdi.
Harbiy orkestr ijrosida O‘zbekiston va Germaniya davlat madhiyalari yangradi. Davlat rahbarlari faxriy qorovul safi oldidan o‘tib, rasmiy delegatsiyalar a’zolarini bir-birlariga tanishtirdilar.
Marosim yakunida ikki mamlakat yetakchilari birgalikda suratga tushdilar. Shundan so‘ng O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi hamkorlikning dolzarb masalalarini muhokama qilishga bag‘ishlangan oliy darajadagi muzokaralar boshlandi.








