Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni energetika vaziri boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi
Uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasidagi investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish va yangi amaliy loyihalarni ishlab chiqish masalalari ko‘rib chiqildi.

Shavkat Mirziyoyev Antaliya shahrida BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konferensiyasi 31-sessiyasi (COP31) doirasida Saudiya Arabistoni Podshohligining energetika vaziri, sanoat va mineral resurslar vaziri shahzoda Abdulaziz bin Salmon Ol Saud boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Uchrashuv avvalida shahzoda Abdulaziz bin Salmon Ol Saud davlat rahbariga Podshoh Salmon bin Abdulaziz Ol Saud va Valiahd, Bosh vazir Muhammad bin Salmon Ol Saudning salomi hamda ezgu tilaklarini yetkazdi.
Muloqot davomida O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik va keng ko‘lamli sheriklikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
So‘nggi yillarda ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalar jadal rivojlanib, yirik investitsiya loyihalari portfeli shakllangani mamnuniyat bilan qayd etildi. Ushbu loyihalarning asosiy qismi “yashil” energetika sohasiga to‘g‘ri keladi.
Shuningdek, neft-gaz, neft-kimyo, tog‘-kon sanoati va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Tomonlar ushbu sohalarda aniq amaliy takliflarni ishlab chiqish muhimligini ta’kidladi.








