Mirziyoyev Turkiyaga tashrifi doirasida Gruziya Prezidenti bilan uchrashdi
Uchrashuvda O‘zbekiston va Gruziya o‘rtasidagi strategik sheriklikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Shavkat Mirziyoyev Turkiyaga amaliy tashrifi doirasida Gruziya Prezidenti Mixail Kavelashvili bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqotda O‘zbekiston va Gruziya o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi. Xususan, joriy yilning 2–3-iyul kunlari O‘zbekiston Prezidentining Gruziyaga davlat tashrifi yakunlari bo‘yicha erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.
Ikki mamlakat parlamentlari, vazirliklari, idoralari va ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi aloqalar faollashgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Ta’kidlanganidek, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi va qo‘shma korxonalar soni izchil ortib bormoqda. O‘zbekistonda gruziyalik investorlar ishtirokida tashkil etilgan raqamli bank ham faoliyat yuritmoqda.
Uchrashuvda tovar ayirboshlash hajmini ko‘paytirish, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, turizmni kengaytirish va transport-tranzit salohiyatidan samarali foydalanish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, ikki mamlakat hududlarini iqtisodiy hamkorlikka keng jalb etish bo‘yicha muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlarni qabul qilish muhimligi ta’kidlandi.








