Tergov izolyatorida vafot etgan tadbirkor firibgarlik ayblovi bo‘yicha oqlandi
Tadbirkor To‘dako‘l ko‘lining ijarasi va u yerdagi baliq zaxirasiga oid mojaro yuzasidan firibgarlikda ayblangandi.

Tergov hibsxonasida vafot etgan navoiylik tadbirkor Azamat Xoliqov firibgarlik ayblovi bo‘yicha oqlandi. Navoiy viloyat sudi apellyatsiya instansiyasi birinchi instansiya hukmining ushbu qismini bekor qilib, jinoyat ishini tugatdi. Bu haqda Kun.uz xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, Azamat Xoliqov va boshqa shaxslarga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi Navoiy viloyatidagi To‘dako‘l ko‘lining ijarasi bilan bog‘liq mojaro yuzasidan ochilgan.
2004–2018-yillarda To‘dako‘l ko‘lidan "Aqua-Tudakul" O‘zbekiston—Amerika qo‘shma korxonasi ijara asosida foydalanib kelgan. Korxonaning ijara muddati 2022-yilda yakunlanishi kerak bo‘lgan.
Biroq 2018-yil yanvar oyida "O‘zbekbaliqsanoat" uyushmasi tomonidan o‘tkazilgan tenderda yana "Aqua-Tudakul" g‘olib deb topilib, u bilan 10-yillik shartnoma imzolangan.
Oradan bir necha oy o‘tib, uyushma mazkur shartnomani bekor qilgan va may oyida qayta tender o‘tkazgan. Unda tender e’lon qilinishidan 20 kun avval davlat ro‘yxatidan o‘tgan "Golden Lake Fish" MCHJ g‘olib deb topilgan. Azamat Xoliqov ushbu korxona ta’sischilaridan biri bo‘lgan.
Keyinchalik Jinoyat ishlari bo‘yicha Navoiy shahar sudining 2022-yil 15-avgustdagi hukmi bilan "Golden Lake Fish" MCHJ rahbari Panjiqul Ro‘ziqulov tenderda qalbaki hujjatlar taqdim etgani aniqlangan.
"Aqua-Tudakul" rahbari Shavqatiddin Jamolov ko‘lda 30 milliard so‘mdan ortiq qiymatdagi baliq zaxirasi qolganini va ushbu zaxira noqonuniy ravishda "Golden Lake Fish" tasarrufiga o‘tganini da’vo qilib kelgan. Azamat Xoliqovga qo‘yilgan firibgarlik ayblovi aynan shu zarar summasi bilan bog‘liq bo‘lgan.
Navoiy shahar sudining 2026-yil 6-fevraldagi hukmi bilan marhum tadbirkor Jinoyat kodeksining firibgarlik, soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash, savdo qoidalarini buzish, qasddan to‘lovga qobiliyatsizlikka olib kelish, nodavlat tashkilotida mansab vakolatini suiiste’mol qilish hamda hujjatlarni qalbakilashtirishga oid qator moddalari bo‘yicha aybdor deb topilgan. Biroq u vafot etgani sababli jinoyat-protsessual qonunchilikka muvofiq unga jazo tayinlanmagan.
Shuningdek, "Golden Lake Fish" MCHJ ta’sischisi Panjiqul Ro‘ziqulov firibgarlikda aybdor deb topilib, 6-yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan hamda undan "Aqua-Tudakul" foydasiga 32,6 milliard so‘m moddiy zarar undirilishi belgilangan.
Jinoyat ishi Navoiy viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atida apellyatsiya tartibida qayta ko‘rib chiqildi.
Sudning 2026-yil 30-iyundagi ajrimiga ko‘ra, Azamat Xoliqov va Panjiqul Ro‘ziqulov Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi "a" bandi bilan nazarda tutilgan juda ko‘p miqdordagi firibgarlik jinoyatini sodir etmagan deb topildi va ushbu ayblov bo‘yicha oqlandi. Mazkur qism bo‘yicha jinoyat ishi tugatildi.
Shuningdek, Panjiqul Ro‘ziqulovdan "Aqua-Tudakul" foydasiga 32,6 milliard so‘m undirish hamda xatlangan mol-mulkni zararni qoplashga yo‘naltirish haqidagi hukm ham bekor qilindi. Hukmning qolgan qismi esa o‘zgarishsiz qoldirildi. Sud ajrimidan norozi tomonlar belgilangan tartibda taftish shikoyati kiritish huquqiga egaligi tushuntirilgan.
Ma’lumot o‘rnida, 56 yoshli tadbirkor Azamat Xoliqov ushbu jinoyat ishi doirasida 2024-yil 20-aprel kuni qamoqqa olingan va oradan olti kun o‘tib tergov hibsxonasida vafot etgan.








