“Inson qadri uchun” g‘oyasi davlat siyosatining markaziga olib chiqildi — Shavkat Mirziyoyev
Birinchi Prezident, atoqli davlat va siyosat arbobi Islom Karimovning yorqin xotirasi ehtirom bilan yod etildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston davlat mustaqilligining 35-yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda mustaqillikning tarixiy ahamiyati va mamlakatda amalga oshirilgan islohotlar haqida so‘z yuritdi.
Davlat rahbari 1991-yilda xalqning xohish-irodasi va qat’iyati bilan davlat mustaqilligi qo‘lga kiritilganini ta’kidladi. Mustaqillik ildizlari uch ming yildan ziyod davlatchilik an’analari va qadimiy sivilizatsiya tarixiga borib taqalishi qayd etildi.
Birinchi va Ikkinchi Renessans davrida Muhammad al-Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek va Alisher Navoiy kabi buyuk allomalar jahon ilm-fani va tafakkuri rivojiga katta hissa qo‘shgani ta’kidlandi.
Shuningdek, Amir Temur tomonidan barpo etilgan davlat adolat va bunyodkorlik timsoli sifatida tarixda munosib o‘rin egallagani qayd etildi.
Prezident Vatan ozodligi va milliy istiqlol yo‘lida jonini fido qilgan jadidlar — Mahmudxo‘ja Behbudiy, Munavvarqori Abdurashidxonov, Abdurauf Fitrat, Abdulla Qodiriy va Cho‘lponning hurriyat haqidagi orzu-niyatlari bugungi O‘zbekistonda ro‘yobga chiqayotganini aytdi.
Davlat rahbari mustaqillik xalqning milliy o‘zligini anglashida muhim o‘rin tutganini ta’kidladi.
“Mustaqillik bizga shon-u sharafimiz, muqaddas dinimiz, ona tilimiz va unutilayotgan milliy qadriyatlarimizni qaytarib berdi. Istiqlol tufayli biz o‘zligimizni anglab, ulug‘ ota-bobolarimizning munosib vorislari ekanimizni butun dunyoga namoyon etdik”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Tantanali marosimda bugungi erkin hayot uchun jonini fido qilgan ajdodlar va jadidlar xotirasi yod etildi. Mustaqillikni mustahkamlashga hissa qo‘shgan marhum yurtdoshlarning fidokorona mehnati va jasorati e’tirof etildi.
Shuningdek, Birinchi Prezident, atoqli davlat va siyosat arbobi Islom Abdug‘aniyevich Karimovning yorqin xotirasi ehtirom bilan yod etildi.
Shavkat Mirziyoyev mustaqillikning buyuk ahamiyati, avvalo, inson qadri va erkin hayotida namoyon bo‘lishini ta’kidladi. Islohotlarning dastlabki kunlaridanoq xalqning dardiga quloq tutish va uning muammolarini hal etish asosiy maqsad qilib belgilanganini qayd etdi.
“Inson qadri uchun” g‘oyasi davlat siyosatining markaziga olib chiqildi. Shu doirada “paxta qulligi”, majburiy va bolalar mehnati, valyuta konvertatsiyasidagi cheklovlar hamda “propiska” kabi aholini yillar davomida qiynab kelgan muammolarga barham berilgani aytildi.
“Eng asosiysi, fuqarolarimiz yuragidagi qo‘rquv va hadik o‘rnini ishonch va xotirjamlik egalladi. Har bir inson erkin va farovon yashaydigan jamiyat barpo etish uchun keyingi o‘n yilda tinimsiz izlandik, qattiq mehnat qildik”, — dedi Prezident.








