“Davolash ishi” o‘rniga 6 yillik “Umumiy tibbiyot” dasturi joriy etiladi
Besh yillik ta’limdan so‘ng talabalar bir yil to‘liq amaliy tayyorgarlikdan o‘tadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tibbiyot va farmatsevtika sohasida kadrlar tayyorlash, ularni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish hamda uzluksiz kasbiy ta’lim tizimini takomillashtirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Taqdimotda 2027/2028-o‘quv yilidan tibbiyot oliygohlarida “Davolash ishi” yo‘nalishi o‘rniga 6 yillik “Umumiy tibbiyot” bakalavriat dasturini joriy etish taklif qilindi. Besh yillik ta’limdan so‘ng talabalar bir yil to‘liq amaliy tayyorgarlikdan o‘tadi.
Dasturni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilar oilaviy shifokor sifatida ishlash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Oilaviy tibbiyot bo‘yicha kadrlar tayyorlashda rezidentlarning oilaviy poliklinikalarda bir vaqtning o‘zida o‘qishi va amaliyot o‘tashi yo‘lga qo‘yiladi.
Tor soha mutaxassislarini tayyorlash bosqichma-bosqich rezidenturaga o‘tkazilib, magistratura asosan ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlashga yo‘naltiriladi.
Shuningdek, tibbiyot oliygohlariga qabul parametrlari hududlar va tibbiyot muassasalarining real ehtiyoji hamda kadrlar yetishmovchiligi asosida shakllantirilishi taklif qilinmoqda. Davlat buyurtmasi yo‘nalishlar kesimida Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
Taqdimotda o‘rta tibbiyot kadrlarini tayyorlash, oliy ma’lumotli hamshiralarning tashxis, davolash va profilaktika jarayonlaridagi rolini oshirish hamda farmatsevtika ta’limini ishlab chiqarish bilan yanada yaqin bog‘lash bo‘yicha takliflar ham ko‘rib chiqildi.








