Ombordan olib ketilgan yuklar manzilga yetib bormagan: AQSHda o'zbekistonlik erkak sudlanmoqda
U yuk avtomobillari orqali tashiladigan tovarlarni o‘g‘irlash sxemasida ishtirok etganlikda ayblanmoqda.

AQShda yashovchi 33 yoshli O‘zbekiston fuqarosi avtomobil transportida tashiladigan yuklarni o‘g‘irlash bo‘yicha til biriktirishda ayblanmoqda. Prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, u ishtirok etgan yuk o‘g‘irliklari oqibatida yetkazilgan taxminiy zarar 12 million dollardan oshadi.
Konnektikut okrugi bo‘yicha AQSh prokuraturasi xabariga ko‘ra, tergov kamida 2025-yil sentabridan beri faoliyat yuritgan sxemani aniqlagan. O'zbekistonlik erkak va uning sheriklari bir nechta yuk tashish kompaniyalarini, jumladan, ularning AQSh Transport departamentidagi ro‘yxat raqamlari, tashuvchi ma’lumotlari, korporativ elektron pochta manzillari va egalik ma’lumotlarini sotib olgan yoki nazorat qilgan.
Ular mavjud kompaniyalarning obro‘sidan foydalanib, yuk brokerlari bilan davlatlararo tashish bo‘yicha shartnomalar tuzgan. Haydovchilar omborlar va tarqatish markazlaridan yuklarni olib ketgan, biroq tovarlar belgilangan manzillarga yetkazilmagan va keyinchalik o‘g‘irlangan deb xabar berilgan. Ayrim holatlarda esa sheriklar o‘g‘irlangan yuklarni qaytarish evaziga tovon puli talab qilgan.
Prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, sxema kamida 24 ta yuk jo‘natmasini qamrab olgan. Ular orasida qattiq disklar, audio uskunalar, kiyim-kechak, elektronika, kompyuter jihozlari, oziq-ovqat mahsulotlari, nikotin saqlovchi mahsulotlar va boshqa tovarlar bo‘lgan.
Tergovchilarning ta’kidlashicha, AQShda doimiy yashovchi va Nyu-Jersi shtatida amal qiluvchi tijorat haydovchilik guvohnomasiga ega erkak yana beshta boshqa nom ostida rasmiylashtirilgan qalbaki haydovchilik guvohnomalariga ham ega bo‘lgan. Ushbu hujjatlarda uning yuz xususiyatlari o‘zgartirilgan fotosurati aks etgan.
U 2026-yil 1-iyunda Kaliforniya shtatining Ontario shahrida hibsga olingan. 22-sentabr kuni federal katta hay’at unga nisbatan ayblov xulosasini chiqargan. 21-oktabr kuni u Bridjportdagi federal sudda ishtirok etib, aybini tan olmagan. Sudlanuvchi hibsga olinganidan beri qamoqda saqlanmoqda.
Yuk o‘g‘irlash bo‘yicha til biriktirish ayblovi uchun besh yilgacha qamoq jazosi belgilanishi mumkin.
Prokuratura ayblov xulosasi shaxsning aybdorligini isbotlamasligini ta’kidladi. Haydarovning aybi sudda isbotlanmaguncha u aybsiz hisoblanadi.








