Turkiyada o‘zbekistonlik kelin tilla o‘g‘irlagani haqidagi ayblovlarni rad etdi
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi rasmiy munosabat bildirdi.

Turkiyada o‘zbekistonlik fuqaro bilan bog‘liq holat yuzasidan surishtiruv davom etmoqda. Mug‘la viloyati Milas tumanida O‘zbekiston fuqarosi M. B. bilan bog‘liq holat mahalliy OAV va ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilinmoqda.
Ayrim Turkiya OAVlarida M. B. to‘y marosimidan so‘ng katta miqdordagi tilla va ziynat buyumlarini olib, g‘oyib bo‘lgani haqida xabarlar tarqalgan edi.
Biroq aniqlangan maʼlumotlarga ko‘ra, M. B. Milas hududida bo‘lib, hech qayerga qochib ketmagan. U o‘z ixtiyori bilan mahalliy politsiya bo‘limiga borib, holat yuzasidan ko‘rsatma bergan.
Fuqaro o‘ziga bildirilgan daʼvolarni rad etgan. Uning maʼlum qilishicha, to‘yda taqilgan tilla buyumlar onasi bilan birgalikda qaynotasiga topshirilgan. Qaynotasi esa keyinchalik ushbu buyumlarni kredit va boshqa qarzlarini to‘lash maqsadida sotganini yozishmalarda bildirgan.
M. B. tegishli yozishmalar hamda tilla buyumlarni topshirish jarayoni aks etgan videomateriallarni Turkiya huquqni muhofaza qiluvchi organlariga taqdim etganini maʼlum qilgan.
Hozirda tomonlarning o‘zaro daʼvolari yuzasidan Turkiyaning vakolatli organlari tomonidan surishtiruv davom ettirilmoqda.
Shu sababli, O‘zbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi surishtiruv yakuniga qadar holat yuzasidan bir tomonlama xulosa chiqarish va tasdiqlanmagan maʼlumotlarni tarqatishdan tiyilishni so‘ragan.
Konsulxona vaziyatni kuzatib bormoqda. Zarur hollarda o‘zbekistonlik ayolga belgilangan tartibda konsullik-huquqiy ko‘mak ko‘rsatiladi.








