Tinchlik kelishuvini hozir tuzishga tayyorman — Zelenskiy
Ukraina prezidenti amaldagi front chizig‘i bo‘ylab o‘t ochishni to‘xtatishga tayyorligini, biroq Rossiyaga qo‘shimcha hududlarni berishga rozi emasligini bildirdi.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Rossiyaga qo‘shimcha hududlarni berishni rad etgan holda, amaldagi front chizig‘i bo‘ylab o‘t ochishni to‘xtatish orqali urushni yakunlashga tayyorligini ma’lum qildi. Bu haqda u ABC News telekanaliga bergan intervyusida aytdi.
Zelenskiyning ta’kidlashicha, agar imkoniyati bo‘lganida, u tinchlik kelishuvini bugunoq tuzishga rozi bo‘lardi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina urushni imkon qadar tezroq to‘xtatish va jangovar harakatlarni hozirgi aloqa chizig‘i bo‘ylab muzlatishga tayyor.
Ukraina prezidenti Rossiya mamlakat hududining 19,3 foizini nazorat qilayotganini aytdi. Biroq Kiyev vaqtincha bosib olingan hududlarni Rossiya tarkibidagi yerlar sifatida tan olishga rozi emas. Zelenskiy Donbasdan chekinish Ukrainadan hududiy yon berishni talab qilishini ta’kidladi.
Intervyuda AQShning Ukrainaga ko‘rsatayotgan yordami ham muhokama qilindi. Zelenskiy o‘zini AQSh tomonidan xiyonatga uchragandek his qilmasligini, biroq amaldagi yordamni yetarli qo‘llab-quvvatlash deb bilmasligini bildirdi.
“Men nimani his qilayotgan bo‘lsam, shuni aytyapman. Bu qo‘llab-quvvatlash emas”, — dedi Ukraina prezidenti.
Shuningdek, Zelenskiy so‘nggi uch oy ichida AQShdan atigi 24 ta Patriot havo hujumidan mudofaa tizimi uchun tutib qoluvchi raketa olganini aytdi. Uning ta’kidlashicha, Ukraina havo hujumlaridan himoyalanish uchun bundan ancha ko‘proq raketaga muhtoj.








