Toshkentga kelasi yili 10 mlrd dollar investitsiya jalb qilinadi
Investorlarning muammolarini idorama-idora yurmasdan, bevosita joyida hal qilish uchun yangi ish tizimi joriy etiladi.

Kelasi yili Toshkent shahriga 10 milliard dollar investitsiya jalb qilish va 150–200 mingta yuqori daromadli doimiy ish o‘rni yaratish bo‘yicha aniq reja ishlab chiqiladi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligidagi Toshkent shahrini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.
Yig‘ilishda poytaxt tumanlari va mahallalarining mavjud imkoniyatlarini to‘liq ishga solish, qo‘shimcha qiymat yaratish, investitsiyalarni ko‘paytirish va yuqori daromadli ish o‘rinlarini tashkil etishga yangicha yondashish zarurligi ta’kidlandi.
Qayd etilishicha, Toshkentning har bir tumani o‘z salohiyatidan kelib chiqib, muayyan yo‘nalishlarga ixtisoslashishi kerak.
Jumladan, Sergeli, Yangihayot va Bektemir tumanlarida Toshkentga kirib kelayotgan yuklarni saralash, qadoqlash, taqsimlash va yetkazib berishga ixtisoslashgan yirik logistika majmualarini tashkil etish imkoniyati mavjud.
Shayxontohur, Mirzo Ulug‘bek, Mirobod, Yunusobod va Yakkasaroy tumanlarida zamonaviy biznes va moliyaviy markazlarni ko‘paytirish orqali 2 milliard dollarlik kapital bozorini shakllantirish hamda 20–25 mingta yuqori daromadli ish o‘rni yaratish mumkinligi qayd etildi.
Olmazor, Chilonzor va Uchtepa tumanlarida esa ta’lim, tibbiyot, savdo va servis sohalariga kamida 1 milliard dollar investitsiya jalb qilish va 15–20 mingta ish o‘rni yaratish salohiyati bor.
Yig‘ilishda joriy yilda poytaxtning 12 ta tumani bo‘yicha 9 milliard dollar investitsiya jalb qilish rejalashtirilgani ham qayd etildi. Ayrim hududlarda belgilangan ko‘rsatkichlarga erishish uchun ishlarni jadallashtirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Investorlarning muammolarini idorama-idora yurmasdan, bevosita joyida hal qilish uchun yangi ish tizimi joriy etiladi. Respublika va shahar darajasidagi mas’ullar har hafta tumanlarga chiqib, tadbirkor va investorlar bilan uchrashadi hamda ularning muammolarini tezkor hal qiladi.
Yuqori darajada yechim talab qiladigan masalalar yuzasidan shu kunning o‘zida asoslangan takliflar tayyorlanib, Prezident Administratsiyasiga kiritiladi. Mazkur tartib yil oxirigacha alohida nazoratda bo‘ladi.








