Prezident Shavkat Mirziyoyev rafiqasi hamrohligida davlat tashrifi bilan Seulga keldi
O‘zbekiston Prezidentini Bosh vazir o‘rinbosari – iqtisodiyot va moliya vaziri Ku Yun Chxol hamda boshqa rasmiylar kutib oldi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rafiqasi hamrohligida davlat tashrifi bilan Seul shahriga keldi.

Koreya Respublikasi Harbiy-havo kuchlarining Seuldagi aviabazasida oliy martabali mehmonlarni tantanali kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi. Davlat rahbari sharafiga faxriy qorovul saf tortdi, artilleriya to‘plaridan salyut berildi.

O‘zbekiston Prezidentini Bosh vazir o‘rinbosari – iqtisodiyot va moliya vaziri Ku Yun Chxol hamda boshqa rasmiylar kutib oldi.

Uch kunlik tashrif doirasida Koreya Respublikasi Prezidenti Li Chje Myon bilan tor doirada va kengaytirilgan tarkibda muzokaralar, Milliy Assambleya Spikeri Cho Chjon Shik, Bosh vazir Xan Son Suk, Koreyaning yirik kompaniyalari va moliya institutlari rahbarlari hamda ushbu mamlakatda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan uchrashuvlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, davlat rahbari O‘zbekiston – Koreya biznes forumining ochilishida nutq so‘zlaydi.

16-sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev birinchi “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi” sammitida ishtirok etadi.

Tashrifning siyosiy va iqtisodiy kun tartibidagi tadbirlar bilan bir vaqtda Koreya poytaxti va boshqa shaharlarida O‘zbekiston madaniyati kunlari o‘tkaziladi.








