Xurmuzda muzokaralar to‘xtab qoldi: neft bozori yana xavotirda
Omon vositachiligida Xurmuz bo‘g‘ozida dengiz qatnovini tartibga solish bo‘yicha o‘tkazilishi rejalashtirilgan uchrashuv qoldirildi. Bu qaror mintaqadagi keskinlik va jahon energetika bozoridagi xavotirlarni yana kuchaytirdi.

Eron va Fors ko‘rfazi davlatlari ishtirokida o‘tkazilishi kerak bo‘lgan muzokaralar Omon tomonidan ilgari surilgan Xurmuz bo‘g‘ozi orqali kemalar harakatini tartibga solish taklifini muhokama qilishga qaratilgan edi. Biroq tomonlar o‘rtasida hozircha konsensusga erishilmagani sababli uchrashuv keyinga qoldirildi.
Omon Tashqi ishlar vaziri Badr al-Busaidiy muzokaralarning qoldirilishi qarorini tomonlar o‘rtasida kelishuvga erishish manfaatlari bilan izohladi. Eron rasmiylari esa uchrashuv ayrim mintaqaviy davlatlarning iltimosiga ko‘ra, Tehron va Masqat o‘rtasidagi kelishuv asosida qoldirilganini maʼlum qildi. Yangi sana Omon bilan muvofiqlashtirilishi kutilmoqda.
Xurmuz bo‘g‘ozi jahon energetika taʼminoti uchun strategik ahamiyatga ega. U orqali har kuni katta hajmdagi neft va neft mahsulotlari tashiladi. Shu bois mintaqadagi har qanday keskinlik xalqaro neft bozorida narxlar oshishi xavfini yuzaga keltiradi.
Muzokaralar qoldirilgan paytda Saudiya Arabistonida ham neft infratuzilmasi bilan bog‘liq muammolar kuzatilmoqda. Reuters maʼlumotiga ko‘ra, dronlar hujumi oqibatida shikastlangan Sharq–G‘arb neft quvuri vaqtincha ishdan to‘xtatilgan. Quvurning uzoq vaqt ishlamasligi Saudiya Arabistonining neft eksporti imkoniyatlariga taʼsir qilishi mumkin.
Ayni paytda Xurmuz bo‘g‘ozida kemalar harakati bilan bog‘liq xavflar ham saqlanib qolmoqda. Dengiz xavfsizligi organlari ayrim tijoriy kemalar hujumga uchragani haqida maʼlumot bergan.
Voqealar fonida neft narxlari ham ko‘tarilgan. Reuters xabar berishicha, neft narxi o‘tgan hafta iyul oyidan beri birinchi marta barrel uchun 100 dollardan yuqori ko‘tarilgan.
Mutaxassislar fikricha, Xurmuz bo‘g‘ozidagi vaziyatning uzoq vaqt beqaror qolishi nafaqat Yaqin Sharq, balki butun jahon energetika bozoriga jiddiy bosim o‘tkazishi mumkin.








