1 yillik magistratura joriy etiladi: yangi o‘quv yilidan taʼlimning ikki yo‘nalishi belgilanadi
Amaliy dasturga yo‘naltirilgan magistratura bitiruvchilari mutaxassisligiga qarab loyiha, startap, konstruktorlik loyihasi yoki boshqa amaliy ishni tayyorlab, himoya qiladi.

Hukumatning 17 sentyabrdagi 500-son qarori bilan oliy taʼlim tizimida magistratura bosqichida kadrlar tayyorlashni takomillashtirish va taʼlim samaradorligini oshirishga qaratilgan yangi tartiblar belgilandi.
Unga ko‘ra, 2026/2027 o‘quv yilidan boshlab magistraturada kadrlar ikki yo‘nalish bo‘yicha tayyorlanadi.
Jumladan, ishlab chiqarish (amaliy) dasturiga yo‘naltirilgan magistratura kamida 1 yil, ilmiy-pedagogik dasturga yo‘naltirilgan magistratura esa kamida 2 yil davom etadi.
Magistraturada taʼlim jarayoni mutaxassislikning o‘quv rejalari va dasturlariga muvofiq kunduzgi, kechki yoki masofaviy shakllarda tashkil etiladi.
Ishlab chiqarish (amaliy) dasturiga yo‘naltirilgan magistratura bitiruvchilari mutaxassislik xususiyatidan kelib chiqib, loyiha ishi, konstruktorlik loyihasi, startap loyihasi, ratsionalizatorlik g‘oyasi, amaliy-ijodiy asar yoki boshqa turdagi ishni tayyorlab, himoya qiladi.
Ilmiy-pedagogik dastur bo‘yicha tahsil olgan magistrlar esa magistrlik dissertatsiyasini tayyorlaydi.
Shuningdek, dissertatsiya dastlabki himoyaga qadar plagiatga tekshiriladi hamda “yashirin ekspert taqrizi”dan o‘tkaziladi.
Scopus va Web of Science maʼlumotlar bazalariga kiritilgan jurnallarda maqola eʼlon qilgan magistratura talabalari belgilangan tartibda rag‘batlantirib boriladi.
Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi magistraturada o‘qish davomiyligini mutaxassisliklarning xususiyatidan kelib chiqib muvofiqlashtiruvchi organ etib belgilandi.
Mazkur tartiblar Odil sudlov akademiyasi, Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi, Bank-moliya akademiyasi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi, Toshkent davlat yuridik universiteti hamda oliy harbiy va harbiylashtirilgan taʼlim tashkilotlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.








