Rossiya armiyasidagi xorijliklar: Ukrainadagi harbiy asirlarning 10 foizi chet el fuqarolari
Ular orasida 55 ta davlat vakillari bor.

2026-yil sentyabr holatiga ko‘ra, Ukrainadagi rossiyalik harbiy asirlarning qariyb 10 foizini xorijiy davlat fuqarolari tashkil etadi. Bu haqda "Xochu jit" loyihasi xabar berdi.
Unga ko‘ra, Rossiya Qurolli kuchlari safida asirga tushganlar orasida dunyoning 55 ta davlatidan bo‘lgan fuqarolar bor.
Ma’lumotda 2022-yildan buyon Rossiya Qurolli kuchlari bilan shartnoma imzolagan qariyb 29 ming nafar xorijlikning ismlari aniqlangani aytiladi. Shuningdek, Rossiya Mudofaa vazirligi 2026-yil davomida yana 18 500 nafar xorijlikni harbiy xizmatga jalb qilishni rejalashtirgani ta’kidlangan.
Xabarga ko‘ra, Rossiya xorijliklarni, xususan, iqtisodiy imkoniyatlari cheklangan qatlam vakillarini katta miqdordagi to‘lovlar va yaxshi hayot va’dalari orqali harbiy xizmatga jalb qilmoqda. Ular keyinchalik jangovar harakatlarning xavfli uchastkalariga yuborilayotgani bildirilgan.
Shuningdek, ayrim davlatlar hukumatlarining diplomatik bosimi va qarshiligidan so‘ng Rossiya 39 ta davlatda xorijliklarni harbiy xizmatga yollashni to‘xtatgani aytiladi. Ushbu davlatlar qatorida Xitoy, Hindiston, Misr, Keniya, Pokiston va Gana ham bor.
Ma’lumotda Rossiya hozirda Janubiy Amerika, Markaziy Osiyo va Afrika davlatlarida xorijliklarni yollashga e’tiborni kuchaytirayotgani qayd etilgan.
Xususan, 2026-yilning dastlabki 9 oyida Ukrainada Rossiya tomonida jang qilgan asir xorijliklar soni 2025-yil davomida qayd etilgan ko‘rsatkichdan oshgani ta’kidlangan.
Ular orasida Argentina, Panama, Paragvay, Peru, Gonduras, Vetnam, Mongoliya va boshqa davlatlar fuqarolari borligi aytilmoqda.
Qayd etilishicha, mazkur ma’lumotlar Rossiya Qurolli kuchlari safida xorijliklarni jalb qilish ko‘lami va ularning geografiyasiga oid ma’lumotlarga asoslangan.








