Yamanda janglar kuchaydi: Saudiya koalitsiyasi husiylarning 60 ta obyektiga zarba berdi
Mamlakatning Taiz viloyatida hukumat kuchlari va husiylar o‘rtasida shiddatli janglar davom etmoqda.

Saudiya Arabistoni boshchiligidagi koalitsiya kuchlari Yamanda husiylarning 60 ta harbiy obyektiga qarshi aniq zarbalar berdi. Shuningdek, guruh ballistik raketalarni ta’mirlash ustaxonalari va ularni saqlash joylari sifatida ishlatgan tunnellar vayron qilingan. Bu haqda koalitsiya vakili Turki al-Malikiy ma’lum qildi, deb xabar berdi Al Jazeera.
Uning so‘zlariga ko‘ra, zarbalar seshanba kuni Sano, Hudayda, Amron va Saada viloyatlarida amalga oshirilgan. Bu husiylar Yamanning xalqaro miqyosda tan olingan hukumati vaqtinchalik poytaxti hisoblangan Aden shahri tomon siljiyotgan bir paytga to‘g‘ri kelgan.
So‘nggi kunlarda Yaman armiyasi va unga sodiq kuchlar Aden mudofaasini kuchaytirish maqsadida Bob al-Mandab bo‘g‘ozi atrofidagi hududlar hamda Zubab aeroportidan chekingan. Mamlakatning Lahij viloyati Tur al-Baha hududida ham hukumat kuchlari va huaiylar o‘rtasida janglar qayta boshlangan.
Taiz shahrida bo‘lib turgan Al Jazeera muxbirining xabar berishicha, hududda hukumat kuchlari va husiylar o‘rtasida shiddatli to‘qnashuvlar kuzatilmoqda. Mahalliy hokimiyat husiylarni tinch aholi va turar joylarni o‘qqa tutishda ayblamoqda.
Jabal Sabr hududidagi qishloqlar to‘liq qurshovda qolgan. Tinch aholini xavfsiz olib chiqish uchun yo‘laklar ochish talabi bilan murojaatlar qilinmoqda. Shuningdek, hududda merganlar tomonidan tinch aholiga qarshi hujumlar davom etayotgani, ular oqibatida, asosan, ayollar va bolalar halok bo‘layotgani, jarohatlanayotgani bildirilgan.
Taiz ma’muriyati husiylarni nazorat punktlari tashkil etib, tinch aholidan turli yig‘imlar undirish hamda litsenziyaga ega bo‘lmagan dori-darmon va tibbiy vositalar yuklarini musodara qilishda aybladi.
Taiz sog‘liqni saqlash va aholi masalalari boshqarmasi dushanba kuni e’lon qilgan bayonotida bu harakatlarni dori-darmon xavfsizligiga tahdid va aholining tibbiy yordam olish huquqini buzish deb baholadi.
Mahalliy rasmiylar BMTni vaziyatga aralashishga chaqirgan. Ularning ta’kidlashicha, husiylar Adendan Taizga yuborilayotgan tibbiy vositalarning hududga kirishiga to‘sqinlik qilmoqda. Bu esa davom etayotgan qamalni yanada kuchaytirib, davolanishga muhtoj minglab bemorlarning hayotini xavf ostida qoldirmoqda.
Ayni paytda Saudiya Arabistoni boshchiligidagi koalitsiya chorshanba kuni husiylar tomonidan Ar-Riyod tomon uchirilgan ikkita qanotli raketa tutib qolinganini bildirdi.
Husiylarning harbiy vakili Yahyo Sari guruh Ar-Riyod yaqinidagi neft haydash stansiyalari hamda Saudiya Arabistonining janubidagi radar qurilmasini nishonga olganini ma’lum qildi. Saudiya Arabistoni rasmiylari bu bayonotga hozircha munosabat bildirmagan.
Chorshanba kuni Saudiya Arabistonining Jizon, Najron va Xamis Mushayt shaharlarida xavf haqida ogohlantiruvchi signallar yangragan. Keyinchalik xavf bartaraf etilgani bildirilgan.







