Dunyoda 240 millionga yaqin o‘smir yetarlicha jismoniy faol emas — JSST
Ularning atigi 14 foizi haftaning barcha kunlarida kamida bir soatdan faol harakat qiladi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) o‘smirlarning jismoniy faolligiga oid yangi hisobotini e’lon qildi. Tahlil 140 mamlakatda 3,2 milliondan ortiq respondent ishtirok etgan 389 ta so‘rov natijalariga asoslangan.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, dunyo bo‘ylab 11–17 yoshdagi qariyb 240 million o‘smir, ya’ni har to‘rt nafaridan biri, so‘rovda baholangan hafta davomida biror kun ham yetarli jismoniy faollik ko‘rsatmagan.
Bu ularning umuman harakat qilmaganini anglatmaydi. Gap kun davomida faol harakatga sarflangan jami vaqtning belgilangan me’yorga yetmaganligi haqida bormoqda.
Haftaning barcha yetti kunida kamida 60 daqiqadan jismoniy faol bo‘lgan o‘smirlar ulushi esa 14 foizni tashkil etgan.
JSST muntazam jismoniy faollik bolalarning suyak va mushaklari rivojlanishi, yurak-qon tomir salomatligi uchun muhimligini ta’kidlaydi. Shuningdek, u fikrlash va o‘rganish qobiliyatini yaxshilash, ruhiy salomatlikni qo‘llab-quvvatlashga ham yordam beradi.
Tashkilot 5–17 yoshdagi bolalar va o‘smirlarga quyidagilarni tavsiya qiladi:
-
Kuniga kamida 60 daqiqa o‘rtacha yoki yuqori darajadagi jismoniy faollik bilan shug‘ullanish;
-
Faollikning asosiy qismini yurak urishi va nafas olishni tezlashtiradigan aerob mashqlar tashkil etishi;
-
Haftasiga kamida uch kun mushak va suyaklarni mustahkamlovchi mashqlar bajarish.







