95 kg gashish aniqlandi: uch nafar shaxs ushlandi
Gashish Qibray tumanidagi dala maydonida daraxtlar orasiga yashirilgan qoplarda bo‘lgan.

Toshkent viloyatining Qibray tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida salkam 95 kilogramm gashish giyohvandlik vositasi noqonuniy muomaladan olindi. Holat yuzasidan uch nafar shaxs qo‘lga olingan.
Bojxona qo‘mitasi va DXX xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tadbirda dala maydonidagi daraxtlar orasiga yashirilgan 4 dona xo‘jalik qopi aniqlangan. Qoplar ichidan 109 dona o‘ram topilgan.
Markaziy bojxona laboratoriyasi xulosasiga ko‘ra, o‘ramlardagi modda salkam 95 kilogramm gashish bo‘lib chiqqan.
Shundan so‘ng giyohvandlik vositalarini olib ketish uchun keladigan shaxslarni aniqlash maqsadida hudud bir necha kun davomida kuzatuv ostida bo‘lgan. Oradan 8 kun o‘tib, moddalarni olib ketish uchun kelgan ikki nafar fuqaro qo‘lga olingan.
Tergov davomida giyohvandlik vositalarini yashirilgan joydan olib ketish haqida topshiriq bergan shaxs ham aniqlanib, qo‘lga olingan. U avval benzin kontrabandasi bilan shug‘ullangani sababli Bojxona qo‘mitasi tomonidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida jinoiy javobgarlikka tortilgan shaxs ekani aniqlangan.
Holat yuzasidan Bojxona qo‘mitasining Surishtiruv va ma’muriy amaliyot boshqarmasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov organiga yuborilgan.
Ma’lumotga ko‘ra, 95 kilogrammga yaqin gashish qariyb 700 ming dozaga teng. Uning qora bozordagi qiymati iste’molchiga yetib borguniga qadar 10 million AQSH dollaridan oshishi mumkinligi hisob-kitob qilingan.








