Fransiya Saudiya Arabistoniga neft portini himoya qilish uchun qo‘shin yuboradi — Makron
Yanbu portiga harbiy xizmatchilar bilan birga radarlar va mudofaa tizimlari ham joylashtiriladi.

Fransiya Saudiya Arabistonining g‘arbiy sohilidagi Yanbu portini himoya qilish uchun harbiy xizmatchilar, radarlar va mudofaa tizimlarini yuboradi. Bu haqda Fransiya prezidenti Emmanuel Makron ma’lum qildi.
Makronning aytishicha, Fransiya bu masalani Saudiya Arabistoni bilan kelishgan. U yuboriladigan kuchlar hech qanday mojaroga aralashmasligini, faqat Yanbudagi obyektlarni himoya qilishini ta’kidlagan.
Fransiya prezidenti bu choralar neft bozoridagi keskinlikni yumshatishga ham yordam berishini bildirgan.
Ma’lumot o‘rnida. Yaman husiylari so‘nggi kunlarda Saudiya Arabistonidagi neft obyektlari, jumladan, Yanbudagi Saudi Aramco inshootlarini raketa va dronlar bilan nishonga olganini ma’lum qilgan. Saudiya tomoni esa Yanbu va Toif yo‘nalishida uchirilgan oltita ballistik raketa tutib qolinganini bildirgan.
Yanbu Qizil dengiz sohilidagi Saudiya Arabistonining xom neft eksporti uchun asosiy portlaridan biri hisoblanadi. Port Yaqin Sharqdagi urush va Hormuz bo‘g‘ozi orqali kemalar qatnovidagi uzilishlar fonida alohida ahamiyat kasb etmoqda.








