Jahon

«Uning hech qachon qo‘llanilmasligiga kafolat yo‘q»: Putin yadroviy qurol haqida gapirdi

Rossiya prezidenti "Valday” xalqaro munozara klubining yalpi majlisida yadroviy qurol qo‘llanishi ehtimoli haqida gapirib, uni teatr sahnasida devorga osilgan va oxir-oqibat o‘q uzishi kerak bo‘lgan miltiqqa qiyosladi.

«Uning hech qachon qo‘llanilmasligiga kafolat yo‘q»: Putin yadroviy qurol haqida gapirdi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin dunyoda “halokatli oqibatlarga” olib kelishi mumkin bo‘lgan ssenariy yuzaga kelishi ehtimoli haqida gapirdi. U 1-oktyabr kuni kechqurun Xalqaro munozara klubi “Valday”ning yalpi majlisida so‘zlab, ayrim davlatlar arsenalida “barcha tirik mavjudotlarni yo‘q qilishga qodir” qurol mavjudligini ta’kidladi. Bunday qurol hech qachon qo‘llanmasligiga ishonish mumkinmi, deya o‘ziga savol berib, “yo‘q” deb javob berdi.

 

Putin yadroviy qurolni teatr sahnasida devorga osilgan va spektakl yakunida o‘q uzishi kerak bo‘lgan miltiqqa qiyosladi.

 

“Teatr boshida sahnada devorga osilgan miltiq bo‘lsa, u oxir-oqibat o‘q uzishi kerak. Buni yodda tutishimiz va bunga yo‘l qo‘ymasligimiz kerak”, — dedi u.

 

Putinning aytishicha, omon qolish uchun kurash qonunlari nafaqat tirik tabiatda, balki ijtimoiy jamoalarda ham amal qiladi. U Rossiya vaziyat taqozosi bilan “keskin choralar” ko‘rishga majbur bo‘lishi mumkinligini aytdi. Shu bilan birga, yadroviy qurol qo‘llanishining oldini olish uchun barcha choralarni ko‘rish kerakligini ta’kidladi.

 

“Yashashni istasak — axir, hamma yashashni xohlaydi — keling, ahil yashaylik”, — dedi Putin.

 

U vaziyat yanada keskinlashsa, “maktab darsliklari ham, ulardan ta’lim oladiganlar ham qolmaydi”, deya dunyoda yadroviy falokat yuz berishi mumkinligiga yana bir bor ishora qildi.

 

Putin yana G‘arbni Ukrainadagi urushni boshlaganlikda aybladi

 

Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi haqida gapirar ekan, Putin Moskva “urushni boshlamaganini”, Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi NATO va Ukrainaning harakatlariga javob bo‘lganini da’vo qildi.

 

“Gap shundaki, bu urushni biz xohlamadik va biz boshlamadik, balki ular biz bilan urush boshladi”, — dedi Rossiya prezidenti.

 

Putinning talqiniga ko‘ra, G‘arb yillar davomida Ukrainada “tajovuzkor millatchilik va rusofobiya”ni rag‘batlantirgan hamda mamlakatni Rossiyaga qarshi “qurol”ga aylantirishga harakat qilgan. Uning aytishicha, Kiyevdagi “radikallar” “davlat to‘ntarishi”ga undalgan, Rossiyaning “tarixiy hududlari”da esa NATO harbiy bazalarini joylashtirish rejalashtirilgan.

 

Putin Yevropa va dunyodagi hozirgi vaziyatni “juda xavfli” deb atab, G‘arb davlatlarini “tajovuzkor intilishlar”da aybladi. Reuters ham uning chiqishida dunyodagi vaziyatni xavfli deb baholaganini va G‘arbni Ukrainadagi qarama-qarshilikni yanada kuchaytirmaslikka chaqirganini qayd etgan.

 

Putin Rossiya qo‘shinlarining hududiy yutuqlari haqida gapirdi

 

Ukrainadagi urushning borishi haqida gapirar ekan, Putin Rossiya qo‘shinlari so‘nggi bir oyda avvalgi oyga nisbatan 3,5 barobar ko‘proq hududni egallaganini aytdi.

 

Uning da’vosiga ko‘ra, Rossiya hozir Donetsk viloyati hududining 89 foizini nazorat qilmoqda. Urushni o‘rganish instituti (ISW) ma’lumotlariga ko‘ra esa, Rossiya Donbass hududining 81 foizini nazorat qilmoqda.

 

Bundan bir necha kun avval Kiyev “Vivaldi” qarshi hujum operatsiyasining uch bosqichi davomida Ukraina Qurolli kuchlari 176 kvadrat kilometr hududni qaytarib olganini ma’lum qilgan edi.

 

Putin esa “Valday” forumida Rossiya ushbu hududlarning barchasini egallashiga ishonch bildirdi va Ukrainaning ular uchun kurashishda davom etishidan ma’no yo‘qligini aytdi.

 

Putin sun’iy intellekt sabab urush qoidalarini qayta ko‘rib chiqishga chaqirdi

 

Putin jangovar harakatlarni olib borish bo‘yicha yangi xalqaro konvensiya ishlab chiqish taklifini ham ilgari surdi. Bunga sabab sifatida u sun’iy intellekt texnologiyalarining jadal rivojlanishini ko‘rsatdi.

 

U 1983-yilda sovet zobiti Stanislav Petrov bilan yuz bergan voqeani misol qilib keltirdi. O‘sha paytda Petrov amaldagi protokolga muvofiq yadroviy zarba berish haqida buyruq berishi kerak bo‘lgan, biroq bunday qarorni qabul qilmagan. Putinning fikricha, sun’iy intellekt bunday vaziyatda boshqacha qaror qabul qilgan bo‘lardi.

 

Putin Yevropadagi harbiy korxonalarga zarba berish ehtimolini ham tilga oldi

 

Rossiya prezidenti Yevropadagi harbiy korxonalarga zarba berish ehtimoli haqidagi savolga javob berar ekan, Moskva bunday yo‘l tutishni “albatta” rejalashtirmayotganini, biroq “tahdidlarni kuzatib borishini” aytdi.

 

Uning so‘zlariga ko‘ra, G‘arb davlatlarining Rossiya hududiga berilayotgan zarbalarda bevosita ishtirok etishi Moskva tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri tahdid sifatida baholanadi.

 

Putin, shuningdek, Rossiyaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri hujum qilingan taqdirda Moskva ixtiyoridagi barcha qurollardan foydalanish masalasi kun tartibiga chiqishini aytgan.

 

“Valday” nega Sochidan Moskva viloyatiga ko‘chirildi?

 

Bu yil “Valday” klubi yig‘ilishi Sochidan Moskva viloyatiga ko‘chirildi. Tadbir o‘tkazilgan hududda Rossiyaning havo hujumidan mudofaa vositalari ko‘proq jamlangani aytilmoqda.

 

Britaniyaning Financial Times gazetasi to‘rt manbaga tayanib yozishicha, tadbir joyini o‘zgartirishga Ukraina Qurolli kuchlarining kuchaygan hujumlari fonidagi xavfsizlik xavotirlari sabab bo‘lgan. Manbalardan ikkitasi joyni o‘zgartirish qarori Putin xavfsizlik xizmati talabi bilan qabul qilingan.

custom img

Tailanddagi suv toshqini avtomobil sanoatiga ta’sir qildi: Toyota va Honda zavodlarini yopdi

Suv toshqini ehtiyot qismlar yetkazib berish zanjirida uzilishlarga sabab bo‘lgan.

custom img

Xarkovga aviabombalar tashlandi: halok bo‘lganlar soni ikki kishiga yetdi

Avvalroq bir kishi halok bo‘lgani va to‘qqiz kishi jarohatlangani xabar qilingandi.

custom img

Latviyada rus tiliga taqiq qo‘yildi: jamoat teleradiokompaniyasi kontenti cheklandi

Yangi tartib 2027-yil 1-yanvardan kuchga kiradi, rus tilidan esa faqat favqulodda vaziyatlar va dezinformatsiyani rad etish kabi ayrim holatlarda foydalanishga ruxsat beriladi.

custom img

Migrantlar uchun yangi talab: ishga joylashish haqida qachon xabar berish kerak?

Rossiyada patent asosida ishlayotgan migrantlar uchun xabarnoma berish tartibi yangilandi.

custom img

Har 10 qochqin boladan 4 nafari maktabga bormayapti — BMT

2025-yilda dunyo bo‘ylab maktab yoshidagi 13,1 mln qochqin bolaning 5,8 mln nafari ta’limdan chetda qolgan.

custom img

“Endi qoidalar yo‘q”: Zelenskiy Rossiya hujumlari kuchayishini aytdi

Ukraina prezidenti Rossiya harbiy qo‘mondonligiga hujumlar bo‘yicha avvalgi cheklovlarni bekor qilish topshirig‘i berilgani haqida bayonot berdi.

custom img

Ikki mahbus sabab mojaro: Janubiy Koreya Ukrainadan uzr talab qildi

Prezident Li Chje Myon Kiyev uzr so‘ramasa, qo‘shimcha choralar ko‘rilishini bildirdi.

custom img

Kaʼbani portlatishga urinish bo‘lganmi? Saudiya rasmiylari javob berdi

Ijtimoiy tarmoqlarda Makkada xudkush terrorchi qo‘lga olingani haqida videolar tarqaldi.

Shahodatnoma: №1346 Berilgan sana: 28.05.2020

G'oya muallifi: Firdavs Fridunovich Abduxalikov

Asoschisi: "Master Media Production and Broadcast"