“O‘zbekcha gapirishni so‘raganim uchun samolyotdan tushirishdi” — yo'lovchi murojaati
Aviakompaniya Samara–Toshkent reysida yuz bergan mojaro yuzasidan rasmiy izoh berdi.

Bloger Centrum Air aviakompaniyasining Samara–Toshkent yo‘nalishidagi reysida yuz bergan noxush holat haqida xabar bergandi.
Uning aytishicha, samolyotga kirish vaqtida bort kuzatuvchisi undan rus tilida chiqish talonini so‘ragan. Bloger undan o‘zbek tilida murojaat qilishni so‘raganidan so‘ng, ular o‘rtasida kelishmovchilik yuzaga kelgan va u reysdan tushirilgan.
Mazkur holat yuzasidan Centrum Air rasmiy munosabat bildirdi.
Aviakompaniya ma’lumotiga ko‘ra, voqea 5-oktabr kuni C6468 Samara–Toshkent reysida sodir bo‘lgan.
Centrum Air barcha bort kuzatuvchilari o‘zbek, rus va ingliz tillarini bilishi hamda yo‘lovchilar bilan ular uchun qulay tilda muloqot qila olishini ta’kidlagan.
Aviakompaniya ma'lumotiga ko‘ra, mazkur holatda yo‘lovchi bort kuzatuvchisiga nisbatan tajovuzkor munosabatda bo‘lgan, qo‘pol tarzda talablar qo‘ygan, xodimani haqorat qilgan va yo‘lovchilar samolyotga chiqayotgan vaqtda uning ishiga xalaqit bergan.
Centrum Air bunday xatti-harakat bortdagi xavfsizlik va tartibga tahdid tug‘dirishi mumkinligini bildirgan. Shu sababli havo kemasi komandiri yo‘lovchini parvozga qo‘ymaslik haqida qaror qabul qilgan.
Aviakompaniya ushbu qarorni asosli deb hisoblashini ma’lum qildi.
Shuningdek, hodisaning barcha tafsilotlari hujjatlashtirilgani va fuqaroning xatti-harakatlari yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilish imkoniyati ko‘rib chiqilayotgani bildirilgan.








