“Uchinchisi yo‘q”: Aliyev AQSH va Xitoyni dunyoning ikki superkuchi deb atadi
Uning taʼkidlashicha, Boku har ikki davlat bilan strategik sheriklik aloqalarini o‘rnatgan.

Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev AQSH va Xitoyni dunyodagi ikki superkuch deb atadi. U mamlakat har ikki davlat bilan strategik sheriklik aloqalarini o‘rnatganini taʼkidladi.
Aliyev bu haqda Bokuda bo‘lib o‘tgan Yangi Ozarbayjon partiyasining VIII quriltoyida so‘zlagan nutqida maʼlum qilgan.
«Xitoy va Amerika bilan strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatdik. Xitoy bilan har tomonlama strategik sheriklik to‘g‘risidagi deklaratsiya, AQSH bilan esa Strategik xartiya imzolandi. Bular dunyoning ikki superkuchi, uchinchisi yo‘q», — degan Aliyev.
Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSH va Xitoy o‘rtasida raqobat mavjud bo‘lsa-da, bu ikki davlatning o‘zaro tushunish asosida global qoidalarni belgilashi butun dunyo uchun muhim omil bo‘lishi mumkin.
Aliyev Ozarbayjonning har ikki davlat bilan strategik sherik ekanini qayd etib, buni mamlakatga bo‘lgan ishonch bilan izohlagan.
Shuningdek, prezident Ozarbayjon hech qaysi siyosiy lagerga qo‘shilmasligini taʼkidlagan. Uning aytishicha, mamlakat mustaqil siyosat yuritib, milliy manfaatlarini himoya qilishda davom etadi.
Maʼlumot uchun, Ozarbayjon va Xitoy 2025-yil aprelida keng qamrovli strategik sheriklikni o‘rnatish to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiyani imzolagan. Aliyevning 2-oktabrdagi nutqida AQSH bilan ham Strategik xartiya imzolangani qayd etilgan.







