Rossiya Ukrainaga yirik hujum uyushtirdi: kamida 20 kishi halok bo‘ldi
Ukraina rasmiylariga ko‘ra, hujumlar Kiyev, Poltava, Dnepropetrovsk va Xarkov viloyatlariga qaratilgan.

Rossiya 7-oktyabrga o‘tar kechasi Ukrainaga 130 ta dron va 48 ta qanotli raketa, shuningdek, ballistik raketalar bilan hujum qildi. Zarbalar oqibatida kamida 20 kishi, jumladan, bolalar halok bo‘ldi. Ukraina havo kuchlari 161 ta havo nishoni urib tushirilganini ma’lum qildi, deb xabar berdi Al Jazeera.
Hujumlar Kiyev, Poltava, Dnepropetrovsk va Xarkov viloyatlariga qaratilgan. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bu Rossiya 2022-yilda urush boshlaganidan beri amalga oshirgan eng yirik hujumlardan biri bo‘lganini aytdi.
Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, hujumlarning asosiy nishonlaridan biri Ukraina energetika infratuzilmasi bo‘lgan. Zarba oqibatida turar joy binolari, sanoat obyektlari va boshqa infratuzilma ham zarar ko‘rgan.
Chernigov viloyatining Priluki shahrida raketa besh qavatli turar joy binosiga kelib urilgan. Favqulodda vaziyatlar xizmatlari ma’lumotiga ko‘ra, bu yerda 14 kishi, jumladan, to‘rt nafar bola halok bo‘lgan, 50 kishi jarohatlangan.
Kiyev meri Vitaliy Klichkoning ma’lum qilishicha, Darnitskiy tumanida havo hujumi oqibatida yong‘in chiqib, ikki kishi halok bo‘lgan. Dnepr va Kremenchukda raketalar ko‘p qavatli binolarga urilishi oqibatida yana ikki kishi, Aleksandriyada esa ikki kishi halok bo‘lgan.
Rossiya Mudofaa vazirligi esa hujumni «yirik zarba» deb atadi. Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, Kiyev va boshqa hududlardagi harbiy-sanoat obyektlari yuqori aniqlikdagi raketalar hamda dronlar yordamida nishonga olingan.
Rossiya tomoni Kiyevdagi Fire Point kompaniyasining «Flamingo» qanotli raketalari va o‘rta hamda uzoq masofaga uchuvchi dronlarni ishlab chiqarish va saqlash obyektlari ham zarba berilgan nishonlar qatorida bo‘lganini bildirdi. Shuningdek, Chernigov, Kirovograd, Dnepropetrovsk, Poltava va Xarkov viloyatlaridagi obyektlar, Odessa viloyatidagi port va kemalarni ta’mirlash infratuzilmasi ham nishonga olingan.
Ukraina parlamentining inson huquqlari bo‘yicha vakili Dmitriy Lubines hujumni «terror harakati» deb atadi.
Kiyev so‘nggi haftalarda Rossiyaning muntazam havo hujumlariga uchramoqda. Zarbalarida energetika, temiryo‘l va avtomobil infratuzilmasi, jumladan, Dnepr daryosi ustidan o‘tuvchi ko‘priklar ham nishonga olinmoqda.
Zelenskiyning aytishicha, Ukraina kuchlari ham so‘nggi 24 soat ichida Rossiyadagi to‘rtta obyektga zarba bergan. Ular orasida Perm, Samara va Astraxan viloyatlaridagi ikkita neft obyekti hamda harbiy tayyorgarlik maydoni bor. Ukraina tomoni Qora dengizda ham javob zarbasi berilganini bildirdi.








