Kramatorskda avtobuslarga zarba berildi: 33 kishi halok bo‘ldi
Hujumdan so‘ng Kramatorsk va Slovyansk shaharlarida jamoat transporti harakati to‘xtatildi.

Ukrainaning Donetsk viloyatidagi Kramatorsk shahrida yo‘lovchi avtobuslariga Rossiya tomonidan berilgan zarba oqibatida kamida 33 nafar tinch aholi halok bo‘ldi, 18 kishi yaralandi. Hujumdan so‘ng Kramatorsk va Slovyansk shaharlarida jamoat transporti faoliyati to‘xtatildi. Bu haqda Donetsk viloyati harbiy ma’muriyati rahbari Vadim Filashkinga tayanib RBK Ukraina xabar berdi.
Uning aytishicha, Rossiyaning Kramatorskdagi yo‘lovchi avtobuslariga bergan zarbasi oqibatida ikkita avtobus va ochiq hududda yong‘in yuzaga kelgan. Qutqaruvchilar jabrlanganlarga yordam ko‘rsatib, yong‘inni bartaraf etgan.
Xavfsizlik vaziyati keskin yomonlashgani sababli Filashkin Kramatorsk va Slovyansk shahar harbiy ma’muriyatlariga jamoat transporti faoliyatini to‘xtatish haqida topshiriq bergan.
Filashkinning ta’kidlashicha, Rossiya kuchlari tinch aholiga ataylab zarba bermoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, yo‘lovchilar bo‘lgan avtobuslar bir zarba bilan ko‘proq odamni o‘ldirish imkonini beradigan nishonga aylangan.
«Bunday sharoitda yo‘lovchilar va haydovchilar hayotini xavf ostiga qo‘yishga haqqimiz yo‘q. Hozir Kramatorsk va Slovyansk aholisi xavfsizligi hamma narsadan ustun», — dedi u.
Shuningdek, Kramatorsk jamoasiga qarashli Bilenke shaharchasida Rossiya hujumi oqibatida uch kishi halok bo‘lgan. Halok bo‘lganlardan birining jasadi qutqaruvchilar tomonidan xususiy uy vayronalari ostidan olib chiqilgan.
RBK-Ukraina ma’lumotiga ko‘ra, 22-sentyabr kuni kechqurun Rossiya kuchlari Donetsk viloyatidagi Kramatorskning turar joy hududiga aviabomba tashlagan. Hujum oqibatida ibodatxona va ko‘p qavatli uylar zarar ko‘rgan. Bundan avval shahardagi evakuatsiya punktiga ham aviabomba bilan zarba berilgan.
13-sentyabr kuni esa Rossiya aviatsiyasi Kramatorskka to‘rtta aviabomba tashlagan. O‘shanda hujum oqibatida olti kishi jarohatlangan.







