73,3 mlrd so‘mlik qurilish ishlari 87,2 mlrd so‘m deb ko‘rsatilgan: byudjet mablag‘lari talon-toroj qilingan
Nurafshondagi qurilishda soxta maʼlumotlar aniqlangan.

Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Zangiota tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda Toshkent viloyatida byudjet mablag‘lari talon-toroj qilingani aniqlangan.
Maʼlum qilinishicha, «Suv taʼminoti va oqova suv obyektlari qurilishi bo‘yicha injiniring kompaniyasi» davlat unitar korxonasining Toshkent hududiy boshqarmasi hamda Toshkent viloyati “Suvoqova” davlat unitar korxonasi o‘rtasidagi shartnoma asosida Nurafshon shahrida oqova suv tozalash inshooti qurilmoqda.
Tekshiruvda amalda 73,3 mlrd so‘mlik qurilish ishlari bajarilgan bo‘lsa-da, ishlar 87,2 mlrd so‘mga bajarilgani haqida soxta maʼlumotlar rasmiylashtirilgani maʼlum bo‘lgan. Natijada 13,9 mlrd so‘mlik byudjet mablag‘lari o‘zlashtirish yoki rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilingani aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.








