Qurol ishlab chiqarish 2,5 baravar oshdi: Eron uzoq urushga tayyorligini bildirdi
Tehron ortiqcha harbiy mahsulotlarni eksport qilishni ham rejalashtirmoqda.

Eron uzoq davom etadigan urush uchun yetarli miqdorda qurol ishlab chiqarish imkoniyatiga ega. Bu haqda Eron Mudofaa vazirligi vakili Reza Talaey-Nik davlat televideniyesiga bergan intervyusida maʼlum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSHga qarshi harbiy operatsiyalar davomida qurol ishlab chiqarish hajmi 2,5 baravar oshgan. Shuningdek, mamlakatda harbiy mahsulotlar ishlab chiqarish uzluksiz davom etishini taʼminlash maqsadida zaxira ishlab chiqarish maydonlari oldindan tayyorlangan.
Talaey-Nikning taʼkidlashicha, qariyb 9 mingta kompaniya harbiy mahsulotlar ishlab chiqarish jarayoniga ixtiyoriy ravishda qo‘shilgan.
Uning qayd etishicha, Eron Mudofaa vazirligi mutaxassislari raketa tizimlari, uchuvchisiz uchish apparatlari, dengiz va havo kuchlari bilan hamkorlikda qurol-yarog‘ va harbiy texnikani modernizatsiya qilmoqda. Bunda jangovar tajribadan foydalanilib, yangi tahdidlarga qarshi choralar ishlab chiqilmoqda.
Eron mudofaa idorasi vakili mamlakat avvalo o‘zining harbiy ehtiyojlarini qondirishga ustuvor ahamiyat berishini, shu bilan birga, ortiqcha mudofaa mahsulotlarini eksport qilishni ham rejalashtirayotganini bildirdi.
Avvalroq AQSH prezidenti Donald Tramp AQSH va Eron o‘rtasidagi mojaro tez orada hal qilinishini aytgan edi. Uning taʼkidlashicha, Tehron endi Vashingtonga yadroviy tahdid solmaydi.







