Shavkat Mirziyoyevning Turkmanistonga amaliy tashrifi yakunlandi
Davlat rahbari Markaziy Osiyo va Ozarbayjon yetakchilarining maslahat uchrashuvi hamda MDH davlat rahbarlari kengashi majlisida ishtirok etdi.

Shavkat Mirziyoyevning Turkmanistonga amaliy tashrifi yakunlandi. Davlat rahbari tashrif doirasida xalqaro sammitlarda ishtirok etib, qator davlat rahbarlari bilan muzokaralar o‘tkazdi.
8-oktabr kuni Prezident “Avaza” milliy sayyohlik zonasida Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlarining sakkizinchi Maslahat uchrashuvida qatnashdi. Unda sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, transport bog‘liqligini mustahkamlash, yangi texnologiyalarni joriy etish, energetika, suv resurslari va ekologiya masalalarini birgalikda hal qilish bo‘yicha takliflar ilgari surildi. Uchrashuv yakunida Qo‘shma bayonot qabul qilinib, ko‘p tomonlama hujjatlar imzolandi.
Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov bilan muzokaralar o‘tkazdi. Uchrashuvning muhim natijasi Oliy darajadagi strategik sheriklik kengashini tashkil etish to‘g‘risidagi bitimning imzolanishi bo‘ldi.
Davlat rahbari Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan bilan ham uchrashdi. Bundan tashqari, MDH mamlakatlari delegatsiyalari rahbarlari bilan birgalikda Milliy taomlar festivalida qatnashdi.
9-oktabr kuni Prezident MDH davlat rahbarlari kengashi majlisida ishtirok etdi. O‘z nutqida savdo va sanoat hamkorligini kengaytirish, transport aloqalarini rivojlantirish, oziq-ovqat va energetika xavfsizligini mustahkamlash hamda kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha takliflarni bildirdi.
Sammitning kengaytirilgan majlisida Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonning 2027-yilda MDHga raisligi davridagi ustuvor yo‘nalishlarini bayon qildi. Tadbir yakunida tegishli hujjatlar to‘plami imzolandi.
Tashrif tadbirlari yakunlangach, Turkmanboshi shahri aeroportida O‘zbekiston Prezidentini Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisining o‘rinbosari Botir Annayev va boshqa rasmiylar kuzatib qo‘ydi. Shavkat Mirziyoyev Toshkentga qaytib keldi.








