Sud raisi xonasidan pul topildi: xizmat tekshiruvi boshlandi
Hozircha sudyaning pul so‘ragani yoki olganini tasdiqlovchi dalil yo‘q.

Buxoro shahar sudi raisining xizmat xonasidan pul mablag‘lari topilgani yuzasidan Sudyalar oliy kengashi tomonidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilmoqda. Bu haqda Sudyalar oliy kengashi axborot xizmati maʼlum qildi.
Qayd etilishicha, mazkur holat bo‘yicha advokatga nisbatan tergov harakatlari, sudyaga nisbatan esa xizmat tekshiruvi olib borilmoqda.
Kengash maʼlumotiga ko‘ra, hozirga qadar sudyaning advokatdan pul so‘ragani yoki olganini tasdiqlovchi dalillar aniqlanmagan.
Pul mablag‘lari advokatning yonidan, shuningdek, sudyaning xizmat xonasiga kirish qismidagi shkafning ochiq va ko‘rinib turadigan o‘rta qismidan rasmiylashtirib olingan.
Ayni paytda xizmat tekshiruvi va tergov davom etmoqda. Ularning natijalari bo‘yicha qo‘shimcha axborot berilishi maʼlum qilingan.
Sudyalar oliy kengashi tasdiqlanmagan maʼlumotlarni tarqatmaslikka, aybsizlik prezumpsiyasiga rioya qilishga va shoshilinch xulosalar chiqarmaslikka chaqirdi.








