Toshkentda havo sifati bo‘yicha ogohlantirish berildi: o‘zgarish qachon kuzatiladi?
Poytaxtda tunda havo sifati vaqtincha yomonlashishi mumkin. Kunduzi esa vaziyat yaxshilanishi kutilmoqda.

Toshkentda 10-oktyabrga o‘tar kechasi noqulay meteorologik sharoitlar sabab havo sifati qisqa muddatga yomonlashishi kutilmoqda. Tungi va tonggi soatlarda havo sifati xalqaro AQI indeksi bo‘yicha, asosan, sezgir guruhlar uchun noqulay bo‘lishi mumkin, biroq milliy standart bo‘yicha “yaxshi” darajada qolishi prognoz qilinmoqda.
Ekologiya va iqlim o‘zgarishi sohasidagi vakolatli organ ma’lumotiga ko‘ra, tunda havo harorati 14 darajagacha pasayishi, shamol tezligi esa sekundiga 0–2 metrni tashkil etishi kutilmoqda.
Kuchsiz shamol va harorat inversiyasi — yer yuzasiga yaqin havo qatlamining sovib, uning ustidagi havoning nisbatan iliq qolishi — atmosferaning quyi qatlamlarida havo almashinuvini cheklashi mumkin. Natijada PM2.5 va PM10 mayda zarrachalari yer yuzasiga yaqin qatlamda to‘planib, ularning miqdori vaqtincha ortishi ehtimoli bor.
Kunduzi yer yuzasi isishi va havo qatlamlarining aralashuvi kuchayishi hisobiga havo sifati asta-sekin yaxshilanishi kutilmoqda. Shu sababli kechki paytlarda ochiq havoda uzoq vaqt qolmaslik tavsiya etiladi.
Qayd etilishicha, atmosfera havosi sifati Maxsus komissiya tomonidan doimiy monitoring qilib borilmoqda.








