Jahon

“Yandeks”ga ikki marta dronlar hujumi uyushtirildi: ayrim xizmatlarda uzilishlar kuzatilmoqda

Ryazan viloyatidagi va Kaluga shahridagi ma’lumotlar markazlari dronlar hujumiga uchradi.

“Yandeks”ga ikki marta dronlar hujumi uyushtirildi: ayrim xizmatlarda uzilishlar kuzatilmoqda

Rossiyada “Yandeks” kompaniyasining Kaluga shahridagi ma’lumotlar markaziga Ukrainaning dronlar hujumi oqibatida infratuzilmaning bir qismi ishdan chiqqan. Kompaniya zarar ko‘lamini baholamoqda. Bu haqda “Vedomosti” nashri kompaniya matbuot xizmatiga tayanib xabar berdi.

 

“Yandeks” ma’lumotlariga ko‘ra, ma’lumotlar markazining bir nechta moduli to‘liq ishdan chiqqan. Shu sababli kompaniyaning ayrim xizmatlarida uzilishlar kuzatilishi mumkin. Hodisa joyida favqulodda xizmatlar va kompaniya mutaxassislari ishlamoqda. Jabrlanganlar yo‘q.

 

8-oktyabr kuni Ryazan viloyatining Sasovo shahridagi “Yandeks” ma’lumotlar markazi ham dronlar hujumiga uchragan edi. Hujum oqibatida yong‘in kelib chiqib, infratuzilmaning bir qismiga zarar yetgan va markaz faoliyati to‘liq to‘xtatilgan.

 

Kompaniya o‘shanda asosiy xizmatlar odatdagi tartibda ishlashda davom etayotganini, biroq ayrim xizmatlardan foydalanishda muammolar yuzaga kelishi mumkinligini bildirgan.

 

Shu kuni banklar, yirik OAV, transport xizmatlari va marketpleyslar saytlarida uzilishlar kuzatilgan. “Sboy.RF” uzilishlarni monitoring qilish xizmati ham ishlash bilan bog‘liq muammolarga duch kelgan.

 

Foydalanuvchilar “Avito”, T2, Ivi onlayn-kinoteatri va “Profi.ru” xizmatlariga kirishda muammolar haqida shikoyat qilgan. “Rossiya temir yo‘llari” (RJD) sayti hamda “Sian” ko‘chmas mulk platformasidagi uzilishlar haqida kompaniyalarning o‘zi xabar bergan.